Jamiyat
1-martdan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi? “Gazeta.uz” 2022-yil 1-martdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi oʻzgarishlar roʻyxatini taqdim etdi. Dayjest Adliya vazirligi maʼlumotlari asosida tayyorlangan.
1. Yonida biometrik pasport yoki ID-karta mavjud haydovchidan “prava”, texpasport, ishonchnoma va sugʻurta polisi talab etilmaydi.
Prezident 2021-yil 30-noyabrda imzolagan [OʻRQ-734-son] qonunga asosan haydovchi yonida pasporti yoki ID-kartasi boʻlganida quyidagi hujjatlarni olib yurishi talab etilmaydi:
transportni boshqarish, roʻyxatdan oʻtkazganlikka oid hujjatlar;
ishonchnoma;
sugʻurta polisi.
Bunda, ushbu hujjatlar mavjudligi YPX xodimi tomonidan elektron tizim orqali mustaqil tekshiriladi.
2. Oʻzbekistonda niqob taqish majburiyati bekor qilinadi.
Respublika maxsus komissiyasining 23-fevraldagi qaroriga muvofiq, 1-martdan eʼtiboran Oʻzbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilindi. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qoʻydi», — dedi bosh vazir Abdulla Aripov. Qolaversa, jamoat transporti, bozorlar, taʼlim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega boʻladi. Hukumat rahbari shuningdek, ushbu qarorni niqob taqmaganlik uchun fuqarolarni jarimaga tortishni huquqiy jihatdan toʻxtatish uchun zarurligi bilan izohladi.
3. UJK xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya toʻlovlari joriy etiladi.
Prezidentning 2022-yil 28-yanvardagi [PF-58-son] farmoni bilan uy-joy kommunal xizmatlar haqini toʻlash boʻyicha imtiyozlar oʻrniga oylik kompensatsiya pul toʻlovlari, uni olish huquqiga ega boʻlgan barcha imtiyozli toifadagi shaxslarga, ushbu shaxslarning pensiya (ijtimoiy nafaqa) olishi yoki olmasligi hamda mehnat faoliyatini olib borishi yoki olib bormasligidan qatʼi nazar toʻlab boriladi.
Ijtimoiy nafaqa oluvchi oʻzgalar parvarishiga muhtoj yolgʻiz shaxslarga kompensatsiya toʻlovi joriy etiladi. Bunda, har oylik kompensatsiya toʻlovi — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 45 foizi (130 050 soʻm) miqdorida toʻlanadi.
Yoshi 100 ga toʻlgan va undan oshgan ijtimoiy nafaqa oluvchi shaxslar uchun har oyda — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 100 foizi (289 ming soʻm) miqdorida qoʻshimcha toʻlov belgilanadi. Bunda, qoʻshimcha toʻlov pensiya va nafaqa tayinlangan tashkilot orqali respublika byudjeti va byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
4. Nogironligi boʻlgan shaxslarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliq boʻyicha imtiyozlar beriladi.
Prezidentning 2021-yil 21-dekabrdagi [PQ-57-son] qaroriga binoan Soliq kodeksining 380-moddasi birinchi qismiga muvofiq bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslar uchun daromad soligʻi boʻyicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.
2024-yil 1-martga qadar ish beruvchilarga (byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamgʻarmasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yuridik shaxslar bundan mustasno) ular tomonidan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻlangan ijtimoiy soliq summasi Davlat byudjetidan toʻliq qaytarib beriladi.
Bunda, ijtimoiy soliq summasi nogironligi boʻlgan shaxslarning olti oy davomida uzluksiz mehnat faoliyatini amalga oshirishi sharti bilan yettinchi oydan boshlab qaytariladi.
5. Meva-sabzavotchilik klasterlari va fermer xoʻjaliklariga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish harajatini 50 foizi kompensatsiya qilinadi.
Prezidentning 2021-yil 15-dekabrdagi [PQ-52-son] qaroriga koʻra, meva-sabzavotchilik klasterlari (kooperatsiyalar) va fermer xoʻjaliklariga — eksport shartnomasi mavjud boʻlib, meva-sabzavot hosilini xavf-xatardan sugʻurtalash xizmatidan foydalanganda toʻlangan sugʻurta mukofotining 50 foizi, biroq sugʻurta pulining 1 foizdan ortiq boʻlmagan qismi qoplab beriladi.
Meva-sabzavotchilik klasterlariga (kooperatsiyalarga) — xorijdan malakali agronom, entomolog, laboratoriya mutaxassislarini jalb qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq bir oyga 1 nafar mutaxassis uchun 1 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan qismi Qishloq xoʻjaligi vazirligining tuman boʻlimlari orqali kompensatsiya qilinadi.
6. Yoshlarga 13 turdagi yordam mahalladagi yoshlar yetakchilari tavsiyasi asosida beriladi.
Prezidentning 2022-yil 19-yanvardagi [PQ-92-son] qaroriga asosan barcha mahallalarda joriy etilgan Ëshlar yetakchisi tavsiyasi bilan oʻziga tegishli hududdagi yoshlarga 13 turdagi yordam, jumladan ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan yoshlarga moddiy yordam va subsidiya ajratishda koʻmaklashiladi. Qolaversa, yosh oilalarga imtiyozli kredit olib berish, nodavlat taʼlim kurslarida oʻqish, nogironligi boʻlganlarni qoʻllab-quvvatlashga subsidiyalar ham beriladi.
7. Yana 5 turdagi davlat xizmati my.gov.uz portali orqali onlayn koʻrsatiladi.
Hukumatning 2021-yil 15 oktyabdagi [645-son] qarori bilan quyidagi xizmatlar YAIDXP (my.gov.uz) orqali elektron shaklda koʻrsatiladi:
Oʻzbekistonga chet davlat fuqarosini taklif qilish;
chet davlatda Oʻzbekiston fuqaroligini tasdiqlash boʻyicha tegishli hujjatlar va maʼlumotnomalar olish;
sudlanganlik (sudlanmaganlik) haqidagi maʼlumotlar olish;
avtotransport vositalarida taqiq mavjudligini tekshirish;
jazoni ijro etish muassasalari va manzil koloniyalarida saqlanayotganlarni ularning yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv vaqtini belgilash.
8. Koʻp kvartirali uylarga tutash yer uchastkalari mulkdorlarga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi.
Prezidentning 2021-yil 31-dekabrdagi [PQ-76-son] qaroriga muvofiq, davlat organlari, muassasalari va korxonalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va koʻp kvartirali uy-joylar mulkdorlariga ular egaligidagi bino va inshootlarga tutash (chegaradosh) boʻlgan yer uchastkalari quyidagi shart va majburiyatlar bilan ularga doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladi:
yer uchastkalarini obod holda saqlash;
daraxtlar, butalar, boshqa oʻsimliklar va nihollarni parvarish qilish va sugʻorish;
yigʻishtirish-tozalash ishlarini amalga oshirish va chiqindi qutilarini oʻrnatish;
bolalar maydonchalari, oʻtirish joylari (skameykalar), tungi yoritish tizimini oʻrnatish, taʼmirlash va saqlash;
aholi uchun piyoda yoʻlaklarini barpo etish, taʼmirlash va lozim darajada saqlash.
Doimiy foydalanish huquqi bilan ajratib beriladigan yer uchastkalarida bino, inshoot, ishlab chiqarish va noishlab chiqarish hamda yengil konstruksiyali obyektlarni oʻrnatish va qurish taqiqlanadi.
9. Sement, klinker va qurilish oynalari eksportiga cheklovlar bekor qilinadi.
Prezidentning 2022-yil 21-fevraldagi [PQ-139-son] qaroriga asosan boshlab barcha yuridik shaxslarga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan sement, sement klinkeri va qurilish oynalarini toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida cheklovlarsiz (kvotasiz) eksport qilishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, 2024-yil 1-yanvarga qadar Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga (ularning vakolatli vakillariga) qurilish materiallarini barcha mamlakatlarga, shu jumladan chegaradosh davlatlarga avtomobil, temir yoʻl va havo transportida tashish xarajatlarining 50 foizigacha miqdorini kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etiladi.
10. IIV tizimidagi “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 18-yanvardagi [28-son] qaroriga koʻra, IIV “Topilmalar stoli” faoliyati tugatiladi. Uning oʻrniga tuman (shahar) davlat xizmatlari markazlari tomonidan yoʻqolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash va egalariga qaytarish yoki tegishli davlat tashkilotlariga topshirish boʻyicha davlat xizmati koʻrsatilishi boshlanadi.
Shuningdek, yoʻqolgan ashyolarni qidirish boʻyicha murojaatlar YAIDXP orqali ham qabul qilinishi yoʻlga qoʻyiladi.
11. “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
Prezidentning 2021-yil 5-iyuldagi [PF-6256-son] qarori bilan sud ekspertlari va ekspertiza toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish, aholiga va vakolatli organlarga sud-ekspertlik faoliyatiga doir maʼlumotlarni yetkazish, ekspertiza harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash uchun moʻljallangan “E-ekspertiza” yagona elektron axborot tizimi ishga tushiriladi.
12. Yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Prezidentning 2022-yil 21-fevraldagi [PQ-138-son] qaroriga binoan yer uchastkalaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishda jamoatchilik nazoratini kuchaytiriladi:
aholi va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallash va ulardan noqonuniy foydalanish holatlari boʻyicha Bosh prokuratura (1007 qisqa raqami) va Kadastr agentligiga (1097 qisqa raqami) yuborilgan fotosurat va videoyozuvlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi;
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchilariga (keyingi oʻrinlarda — hokim yordamchilari) oʻz hududida qurilishi boshlangan har qanday bino yoki inshootlarning qonuniyligini aniqlash boʻyicha mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlariga, qurilish va kadastr organlariga soʻrov yuborish huquqi beriladi.
Bunda mazkur soʻrovlar 5 ish kunida majburiy tartibda koʻrib chiqilib, qurilishi boshlangan bino va inshootlarga ruxsat beruvchi hujjatlar mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim etiladi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari soʻrovlar asosida olingan maʼlumotlarni oʻz binosida barcha fuqarolar uchun koʻrinarli boʻlgan joyda joylashtiradi hamda aniqlangan noqonuniy holatlar boʻyicha maʼlumotlarni bir kunlik muddatda yer sohasida nazoratni amalga oshiruvchi organlarga taqdim etadi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q