Jamiyat
Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini 5 milliard dollarga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMTning Elektron hukumat indeksida yurtimizni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Shu bilan birga, hozirda sun’iy intellekt yo‘nalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari boshlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasida sun’iy intellekt yordamida ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgani natijasida energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshgan.
Taqdimotda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod ma’lumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sun’iy intellekt modellarini joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning sohaviy yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, sog‘liqni saqlashda insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy ko‘rik jarayonlarini avtomatik bayonlashtirish, raqamli tibbiy yordamchi dasturlarni joriy etish; qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligini prognoz qilish, fitosanitar xavflar bo‘yicha fermerlarning xabardorligini ta’minlash, yaylovlarning holatini monitoringini uyushtirish; transport sohasida yo‘l qoplamalari va temir yo‘l infratuzilmasini monitoringini o‘tkazish, haydovchini xavfli vaziyatlardan ogohlantirish, “aqlli” transport tizimlarini rivojlantirish; qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish, videotahlil orqali ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish kabi loyihalarni kengaytirish nazarda tutilgan.
Joriy yildan boshlab startaplar bo‘yicha Prezident tanlovining mukofot jamg‘armasi AT yo‘nalishida 5 million dollarga oshirilgani, sun’iy intellekt yo‘nalishida esa 1 million dollarlik yangi tanlovlar joriy qilingani ma’lum qilindi. Shuningdek, “President AI Award”ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, ta’lim, “yashil iqtisodiyot” va agrotexnologiyalar kabi 5 yo‘nalishda tashkil etish taklifi bildirildi.
2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini ta’minlashga qaratilgan choralar ham ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, endi maktablarda sun’iy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi.
Yig‘ilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga ham alohida urg‘u berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45 foizini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Taqdimotda telekommunikatsiya bozorini har yili kamida 10 foizga oshirib, joriy yilda 27,5 trillion so‘mga yetkazish rejalari ko‘rib chiqildi.
Kiberxavfsizlikni ta’minlash, davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli hukumat platformasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi. Davlat axborot tizimlarini faqat yagona raqamli hukumat platformasi orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tmagan tizimlarni raqamli hukumatga ulashni cheklash, shuningdek, axborot xavfsizligini kuchaytirish maqsadida har ikki yilda bir marta to‘liq IT-audit o‘tkazish zarurligi qayd etildi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
112216
Jamiyat
94892
Jamiyat
90980
Jamiyat
75760
Jamiyat
//
Izoh yo‘q