Hokim yordamchilariga maxsus elektron platformaga qarab oylik mukofot puli toʻlanadi

Saqlash
23:42 / 17.02.2022 788 0

Hukumat qarori bilan Hokim yordamchilari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

 

Nizomga muvofiq, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Jamgʻarmaning ijrochi organi hisoblanadi.

 

Jamgʻarma mablagʻlaridan, jumladan, quyidagi maqsadlarda foydalaniladi:

 

hokim yordamchilari ish haqining avvalgi ish joyi boʻyicha oʻrtacha oylik ish haqi miqdoridan kam boʻlgan qismini kompensatsiya qilish;

 

boshqa hududlardan kelib ishlayotgan hokim yordamchilari va respublika vakillari uchun turar joy ijarasi xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlash (BHMning 2 baravari miqdorida – 540 ming soʻm);

 

ish faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan hokim yordamchilari va respublika vakillarini har oyda mukofotlash;

 

oʻz shaxsiy avtomobilidan foydalanayotgan respublika vakillarining transport xarajatlarini kompensatsiya qilish;

 

respublika vakillarining bir oyda bir marta doimiy yashash joyiga temir yoʻl transportida borib kelishi uchun kompensatsiya toʻlash (“ekonom” tarifi boʻyicha xarajatlarning 100 foizi, “biznes” tarifi boʻyicha xarajatlarning 70 foizi (samolyotda uchish bundan mustasno);

 

yil yakuni boʻyicha oʻziga biriktirilgan hududda yuqori natijalarga erishgan respublika vakillariga va hokim yordamchilariga ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qilish uchun subsidiya toʻlash (uy-joy qiymatining 50 foizigacha, biroq 150 million soʻmdan oshmagan miqdorda);

 

“Yangi Oʻzbekiston islohotchisi” koʻkrak nishoni bilan mukofotlanganlarni taqdirlash (BHMning 5 baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti – 1 mln 350 ming soʻm).

 

Nizomga koʻra shuningdek, hokim yordamchilari faoliyatini samarali tashkil etish va baholab borish imkonini beruvchi “Onlayn mahalla” elektron platformasiga qarab quyidagi miqdorlarda oylik mukofot puli toʻlanadi:

 

qoniqarli deb topilganda – oylik ish haqining 15 foizi miqdorida;

 

yaxshi deb topilganda – oylik ish haqining 30 foizi miqdorida;

 

aʼlo deb topilganda – oylik ish haqining 50 foizi miqdorida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//