Jamiyat
Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazida ikki nafar jajji bemor tugʻma qiziloʻngach atreziyasi bilan dunyoga kelgan. Avvallari bunday operatsiyalar chet ellik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilar edi. Bu gal qiziloʻngach atreziyasining torakoskopik amaliyoti mahalliy shifokorlar tomonidan ilk bor mustaqil oʻtkazildi.
– Ayrim chaqaloqlarda qiziloʻngachning berk boʻlishi, umuman boʻlmasligi yoki oʻpkaga borib ulanishi kabi holatlar uchraydi, – deydi tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev. – Yaqin yillargacha yurtimizda qiziloʻngach atreziyasi bilan tugʻilgan chaqaloqlarni saqlab qolish imkoni boʻlmagan. Keyinchalik bunday dard bilan tugʻilgan goʻdaklarni operatsiya orqali davolay boshladik. Ammo oʻsha paytda bunday amaliyotlar kesish yoʻli bilan bajarilgan.
Yaqindan boshlab Rossiyaning Irkutsk bolalar klinik shifoxonasi xirurgi Yuriy Kozlov bilan hamkorlikda qiziloʻngach atreziyasini torakoskopik usulda, yaʼni tigʻ tekkizmasdan operatsiya qilishni boshladik. Oʻtgan yilning 29 va 31-dekabr – Yangi yil oqshomida xuddi shu xastalik bilan tugʻilgan chaqaloqlarni operatsiya qildik. Qariyb 4 soat davom etgan murakkab amaliyot natijasi nafaqat bemorning oilasi, balki biz, shifokorlar uchun ham juda muhim edi. Chunki yuqori texnologik noyob operatsiyani ilk bor mustaqil amalga oshirgandik.
Taʼkidlanishicha, torakoskopik usuldagi xirurgik amaliyotdan soʻng chaqaloqlarning toʻliq sogʻayishi juda tez kechdi. Shu sababli qashqadaryolik M. Ravshanova va namanganlik N. Toʻychiyeva tugʻma kasallik bilan dunyoga kelgan farzandlarini qisqa muddatda bagʻriga oldi.
Professor B. Ergashevning taʼkidlashicha, bunday murakkab kasalliklarning tugʻuruqdan oldin aniqlanishi undan xalos boʻlishning asosiy omilidir. Neonatal xirurgiyaning mohiyati shundaki, u xastalikni bola dunyoga kelgan ilk kunlardayoq oldini oladi.
Qiziloʻngach atreziyasining torakoskopik operatsiyasi dunyoning sanoqli davlatlarida, faqatgina oʻta malakali xirurglar tomonidan amalga oshiriladi.
Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya oʻquv-davolash-metodik markazi mutaxassislari esa oʻtgan yilning oʻzida 6 ta ana shunday yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini oʻzlashtirdi.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q