"Men charchadim. 3,5 yil ishlagan boʻlsam davlatning bir soʻm puliga xiyonat qilmadim" — Jahongir Ortiqxoʻjayev

Saqlash
20:11 / 16.02.2022 975 0

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev 3,5 yillik faoliyati davomida bir soʻm ham davlatga xiyonat qilmagani va avval ishlagan kompaniyalari unga yordam berib turishini maʼlum qildi. Bu haqda u 16-fevral kuni poytaxt hokimligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida aytib oʻtdi.

 

Matbuot anjumani bir yarim soatdan oshiq davom etdi, unda esa shaxsan hokimning oʻzi ishtirok etmadi. Anjumanda Toshkentning Navoiy koʻchasida amalga oshiriladigan taʼmirlash ishlariga homiylik mablagʻlari sarflanishi toʻgʻrisida gap ketdi. Shundan soʻng poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev anjuman boʻlayotgan joyga kirib keldi.

 

“Men avval katta kompaniyalarning rahbari boʻlganman, yoshligimdan siyosatchi boʻlmaganman. Mening tarixim ishlab chiqarish, tadbirkorlikka bogʻliq. Men umrim boʻyi siyosatda ishlamaganman. Homiylik masalasiga kelsak, men ham shu mamlakatning farzandiman. 3,5 yillik faoliyatim davomida koʻp joylarga avvalgi ishlagan kompaniyam yordam berdi, homiylik qilib keldi. Riyo degan narsa bor, savob degan narsa bor. Agar bugungi homiylikni aytmasang savobini narigi dunyoda olasan, agar aytsang riyo boʻladi. Agar qilgan ishlarni ochiq-oydin hammaga aytsang riyo boʻladi. Shuning uchun bugungacha aytmadik. Lekin bugun koʻpchilik surishtirdi, mayli”, — deya gap boshladi hokim.

 

U oʻzi ishlagan kompaniya — Akfa koʻp narsalardan voz kechayotganini aytib oʻtdi.

 

“Yaʼni faqat ishlab chiqarishni olib qoladi, qolgan — doʻkon, supermarket, gipermarketlarini sotib yuboradi. Bu yil ham «Ekobozor”ni sotdi va sotilgan pulning yarmi bilan oʻzining bankdagi qarzlarini toʻlamoqchi. Bundan tashqari, Akfa medline kompaniyasi 200 nafar yurak nuqsoni bilan tugʻilgan bolalarni operatsiya qilmoqchi, oʻtgan yili 75 nafarini qilgan edi. Aytmoqchi emas edim, lekin majbur boʻldim. Bundan tashqari koʻp qilgan ishlari bor. Bu yil ham Akfa va Artel kompaniyasi yordam berish maqsadida “nima yordam qilaylik?”, deb soʻradi. Ular oʻz mol-mulklarini sotyapti, yarimini bankdagi kreditlaridan qutilishga beryapti, yarimini esa shaharga parklar, alleyalarga sarflab, menga yordam beryapti. Kichkina bolalar operatsiyasi, nochor uylarning tomlarini yopib berish, kichkina mahallalarni asfaltlash kabi narsalarga xarajat qilinmoqda. Agar ochiqchasi kerak boʻlsa shu», — dedi Jahongir Ortiqxoʻjayev.

 

Uning taʼkidlashicha, bu yil hokimlikka 80 milliardlik yordam puli koʻrsatiladi.

 

«Men shunga asoslanib, ularga oʻz iltimoslarimni aytyapman. Men boshqa narsa deyolmayman. Men charchadim. 3,5 yil ishlagan boʻlsam davlatning bir soʻm puliga xiyonat qilmadim. Oldimdan qoʻshgan boʻlsam qoʻshdim, lekin bir soʻmiga xiyonat qilmadim. Mening shahar hokimi boʻlishdan avval 35 ta mashinam bor edi. Men juda ham mashinalarni yaxshi koʻraman. Hozir esa oltita qoldi. Yaqinda yana bitta mashinamni auksionga qoʻyaman, sotilgan pulini yuragida nuqsoni bor bolalarni operatsiya qildiramiz. Agar bular gunoh boʻlsa roziman, agar bu pulni ishlatma shunga desangiz ham roziman. Lekin mening aybim – qilgan ishlarni aytib turishi kerak ekan inson. Aytmaganim gunoh. Sergelidan uyi yoʻq insonlarga 400 ta kvartira hadya qilishgan. Shularni aytsam boʻlarkan, aytmaganman. Bugun afsuslanyapman. Lekin ishonaveringlar, biror soʻm davlatga xiyonat qilmadim. Borim shu», — deya soʻzlarini yakunlab, anjuman zalidan chiqib ketdi Jahongir Ortiqxoʻjayev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//