Amir Temur vorislari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘oliblari taqdirlandi

Saqlash
02:19 / 12.02.2022 2021 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 7-yanvar kuni “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseylari o‘quvchilari bilan uchrashuvda ularga qarata “Buyuklik mehnatdan keladi” deb aytgan edi. Ko‘zlari yonib turgan o‘smirlarning kelajakda buyuk inson bo‘lib yetishishlari uchun bu maktablarda ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish,  o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviyat mavzusida tanlovlar o‘tkazish, “Temur tuzuklari”ning har bir tuzugiga ilmiy sharhlar yozish muhimligi ta’kidlangandi. Yoshlarni  nafaqat jismonan, balki ruhan chiniqtirish, ma’naviyatini yuksaltirish, kitobxonlikka mehrini oshirish, ularni asl vatanparvarlar qilib tarbiyalash kun tartibidagi muhim  masalalardan sanaladi.

 

Shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida bugun, 11-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamkorligida “Temurbeklar maktabi – vatanparvarlik, jasorat, matonat va fidoyilik maskani” mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda respublikamizning turli viloyatlaridagi “Temurbeklar maktabi” o‘qituvchi va o‘quvchilari “zoom” platformasi orqali qatnashdi.

Markaz rahbari Minhojiddin Hojimatov o‘z so‘zida Prezidentimiz ushbu maskanlarni chinakam vatanparvarlik maktabi – eng namunali ta’lim dargohlariga aylantirish kerakligini ta’kidlaganini  yana bir bor eslatib o‘tdi. Shundan so‘ng “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobi mazmun-mohiyati xususida ma’lumot berildi. 

 

Tadbirda  “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseylarining 2022-yilga mo‘ljallangan ma’naviy-ma’rifiy ishlar dasturi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jami 5 ta bo‘lim, 40 ta banddan iborat mazkur chora-tadbirlar dasturi ushbu maskanlardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish, yoshlarni ajdodlar merosiga hurmat, mustaqillikka sadoqat, yuksak harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan.

 

Aytish kerakki, o‘tgan yili Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati hamkorligida  “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseylari o‘rtasida “Amir Temurning yoshlar tarbiyasidagi o‘rni” mavzusida insholar hamda rasmlar tanlovi ham o‘tkazilgan edi.

Tanlovda Qurolli Kuchlar tizimidagi “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik liseylari o‘quvchilari ishtirok etdi. Ilk bosqichi 2021-yilning 30-sentyabriga qadar barcha o‘quv dargohlarida, respublika bosqichi esa 2021-yil noyabr oyida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida o‘tkazildi. Ishtirokchilarning ishlari hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, har bir nominasiya bo‘yicha beshtadan g‘olib aniqlandi.

 

Bugungi tadbirda mazkur tanlovda 1 va 2- o‘rinni egallagan o‘quvchilarga kompyuter, 3- o‘rinni egallagan o‘quvchilarga planshet, shuningdek, 4-5- o‘rin egalariga kitoblar jamlanmasi, diplom va tashakkurnomalar topshirildi.

 

Tadbir yakunida ishtirokchilar ta’lim muassasasi binosi hamda yotoqxonalarini ko‘zdan kechirishdi. Jumladan,  maktab  muzeyi va sport maydonchasi bilan tanishtirildi. 

 “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari ishtirokidagi badiiy kecha yig‘ilganlarda unutilmas taassurot qoldirdi. O‘quvchilar shoh va shoir  Zahiriddin Muhammad Bobur ruboiy va g‘azallarini  yoddan o‘qishdi. Ulug‘ ajdodimiz hayotiga oid sahna asari namoyish etildi, shoir g‘azallari qo‘shiq qilib kuylandi.

 

Nodira IBROHIMOVA

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//