Akademik Edvard Rtveladze olamdan oʻtdi

Saqlash
21:05 / 10.02.2022 998 0

Taniqli arxeolog, akademik, tarix fanlari doktori, professor Edvard Vasilyevich Rtveladze 80 yoshida olamdan oʻtdi.


Olim 1967-yili ToshDUni tugatgan. 1967-yildan Oʻzbekiston sanʼatshunoslik institutida ilmiy xodim sifatida oʻz faoliyatini boshlagan.


U Oʻrta Osiyo, Kavkaz, Kipr, Yaponiya va Fransiyada olib borilgan 80 dan ortiq ilmiy arxeologik ekspeditsiyalar ishtirokchisi. Koʻpgina arxeologik yodgorliklarni ochgan va tekshirgan. Uning rahbarligida Tohariston ekspeditsiyasi tomonidan olib borilgan qazishlar natijasida arxeologik amaliyotda 1-marta Kushonlar davriga oid qadimiy shahar xarobasi toʻliq ochilgan.


Shuningdek, uning rahbarligi ostida shaharlar va taniqli davlat arboblari yubileylariga bagʻishlangan kollektiv monografiyalar, shu jumladan, “Amir Temur jahon tarixida”, “Xiva — ming gumbazli shahar”, “Shahrisabz”, “Termiz”, “Jaloliddin Manguberdi” va boshqalar tayyorlangan. 1985-yili Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati boʻlgan. 2001-yilda esa “Buyuk xizmatlari uchun”, 2003-yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari va Gruziyaning “Girsebis” (“Ritsarlik sharafi”) ordeni bilan mukofotlangan.



Olimni koʻpchilik Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sanʼatshunoslik institutining katta olimi, tarix fanlari doktori, OʻzRFA akademigi, Oʻzbekiston madaniy merosini oʻrganish, saqlash va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyatining ilmiy kengashi raisi sifatida taniydi.


Uning oʻzbek ilm-faniga qoʻshgan hissasi beqiyosdir. Innovatsion rivojlanish vazirligi olimning oilasi, yaqinlari va shogirdlariga hamdardlik bildiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//