Ikkinchi jahon urushida o‘zbekistonlik askarga boshpana bergan britaniyalik oila “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi

Saqlash
21:29 / 01.05.2026 43 0

Ikkinchi jahon urushi yillarida o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovning hayotini saqlab qolgan Buyuk Britaniya fuqarolari – marhum Jon va Fillis Emili Le Breton O‘zbekistonning “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi. Shavkat Mirziyoyev bu to‘g‘risidagi tegishli farmonni imzoladi.

 

Farmonda qayd etilishicha, Jon va Fillis Emili Le Breton Ikkinchi jahon urushi davrida Jersi orolidagi fashistlar konslageridan qochib chiqqan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramovni o‘z uyida yashirib, uning hayotini saqlab qolgan. Hujjatda ular g‘oyat tahlikali sharoitda o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, jasorat va yuksak insonparvarlik fazilatlarini namoyon etgani, shuningdek, xalqlar o‘rtasida tinchlik, do‘stlik va birodarlik g‘oyalarini targ‘ib etishda alohida o‘rnak bo‘lgani ta’kidlangan.

 

Jersey Evening Post 2022-yilda e’lon qilgan maqolada Le Bretonlar oilasi urush yillarida Jersi orolining Sent Meri hududidagi uyida ukrain asirini yashirgani haqida yozgandi. Oila a’zolari uni Tom deb atagan. Prezident farmonidan bu shaxs aynan fashistlar lageridan qochgan o‘zbekistonlik askar Boqijon Akramov ekani ma’lum bo‘ldi.

 

Le Bretonlarning qizi Kerolin Xorn BBC’ga bergan intervyusida ota-onasi har qanday payt qo‘lga tushishi mumkin bo‘lganiga qaramay, Akramovni oilaning bir a’zosi sifatida qabul qilganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, askar bolalar bilan yaqin bo‘lib ketgan, ular uni hatto “eng sevimli amaki” deb atagan.

 

 

Qayd etilishicha, u nemislar kelib qolsa yashirinish uchun bir necha boshpanaga ega bo‘lgan, Le Bretonlar esa uyida maxsus yashirin yo‘lak va tuzoq eshiklar tayyorlab qo‘ygan. U ingliz tilini biroz o‘rganganidan keyin bolalarga ertaklar o‘qib bergan.

 

Urushdan keyin Boqijon Akramov Gernsi oroliga ko‘chib o‘tgan, shundan so‘ng oila u bilan aloqani yo‘qotgan. Uning kundaligi nusxalari keyinchalik Jersey Heritage arxiviga topshirilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//