Haykal, koʻcha nomlari, hujjatli film — Prezident Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash haqida qaror imzoladi

Saqlash
01:39 / 11.02.2022 1377 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori imzolandi. Unga koʻra Oʻzbekistonda Usmon Nosir tavalludining 110-yilligi keng nishonlanadi. 

Unda qayd etilishicha, shoir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash va xotirasini abadiylashtirish maqsadida:

1. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda jamoatchilik vakillarining 2022-yilda Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.

2. Otashin shoir, tarjimon va dramaturg Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlandi.

3. Tashkiliy qoʻmita (A.N.Aripov) bir oy muddatda Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini keng nishonlash boʻyicha quyidagi chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi dasturni, uni moliyalashtirishning aniq manbalarini belgilagan holda ishlab chiqadi va tasdiqlanadi:

Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini mamlakatimizda adabiyot va sanʼat bayrami sifatida keng nishonlash;

Usmon Nosirning hayoti va faoliyatini, xususan, uning qatagʻon davrida kechgan yillarini oʻrganish, hozirga qadar nomaʼlum boʻlib kelayotgan qoʻlyozma asarlarining taqdiri haqida maʼlumotlar toʻplash maqsadida tarixchi olimlar va ijodkorlardan iborat ishchi gyruhi tuzish hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, shuningdek, Rossiya Federatsiyasidagi tegishli arxiv materiallari bilan tanishishi uchun sharoit yaratish;

Namangan shahrida Usmon Nosir haykalini oʻrnatish;

Toshkent va Namangan shaharlaridagi koʻchalarga Usmon Nosir nomini berish;

Usmon Nosirning “Tanlangan asarlar” toʻplami hamda “Usmon Nosir zamondoshlari xotirasida” kitobini nashr etish;

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda “Zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojida Usmon Nosir ijodiy merosining oʻrni va ahamiyati” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazish;

Usmon Nosirning hayoti va ijodiy faoliyati haqida hujjatli film suratga olish, spektakllar sahnalashtirish, musiqa asarlari va qoʻshiqlar, Internet va ijtimoiy tarmoqlar uchun moʻljallangan audiovizual asarlar yaratish, shuningdek, ommaviy axborot vositalarida turkum materiallar eʼlon qilish;

umumiy oʻrta taʼlim muassasalari, ijod maktablari oʻquvchilari oʻrtasida Usmon Nosir hayoti va ijodiga bagʻishlangan “Unutmas meni bogʻim” mavzusida insholar tanlovini oʻtkazish;

mamlakatimizdagi taʼlim tashkilotlari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli adib va olimlar, sanʼatkorlar ishtirokida Usmon Nosir ijodiga bagʻishlangan uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda kitobxonlik kechalarini tashkil etish;

2022-yil noyabr oyining ikkinchi oʻn kunligida Oʻzbek Milliy akademik drama teatrida Usmon Nosir tavalludining 110-yilligiga bagʻishlangan adabiy-badiiy xotira kechasini oʻtkazish.

4. Tashkiliy qoʻmita (A.N.Aripov)ga Usmon Nosir tavalludining 110-yilligiga bagʻishlangan tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish, mazkur qaror va chora-tadbirlar dasturining oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirilishini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatildi.

5. Tashqi ishlar vazirligi (A.H.Kamilov):

Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya, Yozuvchilar uyushmasi va “Shahidlar xotirasi” jamgʻarmasi bilan birgalikda belgilangan tartibda Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatining Mariinsk shahrida Usmon Nosir xotirasiga bagʻishlangan yodgorlik oʻrnatish va uning tantanali ochilish marosimini oʻtkazish yuzasidan Rossiya Federatsiyasining tegishli idoralari bilan muzokaralar oʻtkazadi hamda natijasi boʻyicha Tashkiliy qoʻmitaga taklif kiritadi;

Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan shoir xotirasiga hamda oʻzbek adabiyoti va madaniyati targʻibotiga bagʻishlangan tadbirlarni Rossiya Federatsiyasi Kemerovo viloyatidagi oʻzbek diasporasi vakillarini jalb etgan holda oʻtkazish choralarini koʻradi.

6. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Usmon Nosir tavalludining 110-yilligini nishonlash bilan bogʻliq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etiladi.

7. Mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Davlat byudjeti, Maʼnaviyat va ijodni qoʻllab-quvvatlash maqsadli jamgʻarmasi, tashkilotchilar mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi belgilandi.

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//