“Oʻzbekkino” matbuot xizmatining navbatdagi boʻhtoni va gʻirt yolgʻoniga ishonmanglar» – Kinematografiya agentligining sobiq rahbari Aʼzamjon Isʼhoqov

Saqlash
20:14 / 01.02.2022 1421 0

“Salem Short” pitching kinotanlovida rejissyor Shokir Xoliqov gʻolib deb topilib, yangi filmiga qozogʻistonliklar homiylik qilishi, ammo u Kinematografiya agentligi tomonidan ajratilgan 1 milliard soʻmdan hanuz foydalana olmayotgani haqida xabar berilgan edi.

 

Ushbu maʼlumot yuzasidan Kinematografiya agentligi matbuot xizmati xodimi Dostonbek Rahmatullayev oʻz eʼtirozini bildirgan.

 

Agentlik matbuot xizmati xodimiga koʻra, 1 milliard soʻmlik sertifikat rejissyorning “Qaytish” loyihasiga berilgan va u haliyam “konvertatsiya” boʻlib turgan ekan.

 

“Shokir badiiy kengash talablarini inobatga olib ssenariyga oʻzgartirish kiritishi, gʻoyani, loyihadagi ayrim joylarni oʻzgartirishi kerak boʻlgan, biroq u koʻnmagan va filmni xususiy studiyada suratga olishini aytgan. Shokir Xoliqov yosh rejissyor boʻlganligi uchun mazkur film qonun boʻyicha DUK tomonidan “Yoshlik” studiyasi badiiy kengashidan oʻtgach, oʻsha yerda tasvirga olinishi kerak edi. Xabaringiz bor, u paytlar davlat filmlari xususiy studiyalarda olinishiga ruxsat boʻlmagan. Prezidentning 2021-yil 7-aprel qaroriga koʻra xususiy studiyalar bilan hamkorlikda “Oʻzbekkino” Milliy agentligi 50/50 produksiyalar yaratish imkoniga ega boʻldi. Haliyam kech emas, Shokir Xoliqov bizga kelib, oʻz loyihasini topshirishi mumkin va “Yoshlik” studiyasida 1 milliard soʻmga kartina olsa boʻladi», degan u.

 

Ushbu xabardan soʻng Kinematografiya agentligining sobiq rahbari Aʼzamjon Isʼhoqov “Feysbuk” ijtimoiy tarmogʻida matbuot xizmatini yolgʻonchilikda aybladi.

 

Xususan, matbuot xizmati xodimi Dostonbek Rahmatullayevga KONVERTATSIYA bilan KONSERVATSIYA soʻzlari farqini aniqlab olishni tavsiya etgan.

 

Shuningdek, “Yoshlik” studiyasining oʻz badiiy kengashi yoʻqligi, davlat filmlarining xususiy studiyalarda suratga olinishiga shu vaqtga qadar ham taqiq boʻlmaganini taʼkidlagan.

 

“2021-yil 7-apreldan teleseriallarni 50/50 koʻrinishida koopproduksiya sifatida olinishiga F.Abduxoliqovning tashabbusi bilan ruxsat etilgan. BU JUDA NOTOʻGʻRI VA KORRUPSION QAROR BOʻLGAN, deb oʻylayman. Negaligini hozir “Sevimli” telekanali ortidan boʻlayotgan mashmashalar orqali hamma juda yaxshi bilib turibdi. Bu “Oʻzbekkino” matbuot xizmati”ning (hozirgi Kinematografiya agentligi – tahr.) navbatdagi boʻhtoni va gʻirt yolgʻoniga ishonmanglar”, deb yozmoqda Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi boshqaruvi aʼzosi Aʼzamjon Isʼhoqov.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//