Bunyodkorlik loyihalari, yangi aeroport bilan tanishuv va eski shaharga tashrif – Prezident Buxoroda

Saqlash
11:14 / 11.04.2026 22 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahriga tashrifi davomida Buxoro viloyatining yangi maʼmuriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Majmua Qashqadaryo viloyati Koʻkdala tumanida sinovdan oʻtgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni oʻziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega boʻldi.

 

Prezidentimiz oʻtgan yili Koʻkdalaga tashrifi chogʻida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini taʼkidlagan edi. Oʻtgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan. Xususan, Buxorodagi maʼmuriy markaz 14 gektar maydonni egallagan boʻlib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining oʻzaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.

 

 

Majmua faqat maʼmuriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.

Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

 

Jumladan, banklar tomonidan sun’iy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil o‘tkazilib, Buxoro tumani misolida o‘sish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zaro bog‘liq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yo‘l bo‘yi xizmatlari eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

 

 

Xususan, 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, ekoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2026–2031-yillarda ushbu yo‘nalishlarda 7,4 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin.

 

Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yo‘nalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablag‘lar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish bo‘yicha sun’iy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.

 

Prezident shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yoʻli ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yoʻl, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yoʻl boʻyida 2 ta yoʻl oʻtkazgich, 9 ta yer osti piyodalar oʻtish joyi va 8 ta koʻprik barpo etilishi nazarda tutilgan.

 

 

Loyihaga koʻra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr boʻlgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qoʻnish yoʻlagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yoʻlovchiga yuqori darajada xizmat koʻrsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.

 

– Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat koʻrsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga toʻliq mos boʻlishi shart, – dedi Prezidentimiz.

 

Davlatimiz rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.

 

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroning tarixiy qismiga tashrif buyurib, shahar aholisi va mehmonlarini samimiy qutladi. Davlat rahbariga Buxoroning boy madaniy merosini, tarixiy qiyofasini asrash va uni yanada obod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//