Maktablarga biriktiriladigan fakultetlar, yangilanadigan darsliklar– Prezident qator masalalar boʻyicha topshiriqlar berdi

Saqlash
23:43 / 28.01.2022 928 1

Prezident Shavkat Mirziyoyev maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari yuzasidan oʻtkazilayotgan videoselektor yigʻilishida oliy maʼlumotli pedagog kadrlarni oliygohlarda tayyorlash tizimi ham tubdan takomillashtirilishini taʼkidladi.

 

Buning uchun Toshkent shahridagi 5 ta hamda hududlardagi 17 ta pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliygohlarning fakultetlari doimiy tarzda maktablarga biriktiriladi.

 

Bunda, 1-kursdanoq ushbu fakultetlardagi darslarning 4 kuni oliygohda, 2 kuni bevosita maktablarda oʻqitiladi.

 

Maktablarda oʻquv yuklamasi va darslar sonini qayta koʻrib chiqish, oʻquvchilarni nazariy bilimlar bilan birga fikrlashga chorlaydigan metodikalarni joriy qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

 

Shuningdek, yigʻilishda Xalq taʼlimi vazirligiga kelgusi ikki yilda barcha maktab oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqib, darsliklarni ilgʻor tajribalar asosida, toʻliq yangilash vazifasi qoʻyildi.

 

«Oʻquvchilar bilimini baholash ham darsliklardagi vazifalarni bajarish, u yoki bu formulani yod olish darajasi bilan chegaralanmasligi kerak.

 

Oʻquvchining dunyoqarashi, mantiqiy va ijodiy fikrlashi, berilgan masala boʻyicha oʻquv dasturi bilan cheklangan qoidalardan tashqari, nostandart yechimlar berishini ham inobatga olish zarur», dedi Prezident yigʻilishda.

 

Joriy yilda darsliklarni yangilashga oʻtgan yilga nisbatan 4 barobar koʻp - 605 milliard soʻm ajratilmoqda. Ushbu mablagʻlardan samarali foydalanib, joriy yilda 4 ta sinfning fan darsliklari hamda barcha sinflarda ingliz, rus, nemis tillari hamda IT fanlari boʻyicha oʻquv darsliklarini toʻliq yangilashni taʼminlash topshirigʻi berildi.

1 Izoh

Муҳайёхон

12:01 / 01.01.1970

Фикримча дарслар офлине бўлиши керак ёки ҳаммани карантин қилиш зарур болалар талабалар саводсиз қоляпти етук педагоглар талабга жавоб берадиган замонавий бўлиши учун офлине дарслар бўлиши истайман

Izoh qoldirish

//