Madaniyat
Oʻzbek adabiyoti, dramaturgiyasi ogʻir judolikka uchradi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, “Mehnat shuhrati”ordeni sohibi, taniqli dramaturg, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Sharof Boshbekov 2022-yilning 26-yanvar kuni olamdan oʻtdi. Ushbu xabarni Yozuvchilar uyushmasi matbuot kotibi Fozil Jabborov “Oyina.uz” muxbiriga tasdiqladi.
Sharof Boshbekov 1951-yilning 4-yanvarida Samarqand viloyati Bulungʻur tumanida tugʻilgan. Sanʼat instituti musiqali aktyorlik boʻlimida tahsil oldi. Muqimiy nomli teatrda, Sirdaryo viloyati teatrida aktyor sifatida faoliyat koʻrsatdi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida (1983–1985), Oʻzbekiston Milliy davlat akademik drama teatrida (1986–1987) adabiy xodim boʻlib xizmat qilgan.
Dastlab “G” varianti» (1981), “Gʻurur” (1982), “Jumboq” (1986) kabi hikoyalarini eʼlon qildi. Shundan soʻng birin-ketin “Tushov uzgan tulporlar” (1983) dramasi, “Taqdir eshigi”, “Eshik qoqqan kim?” (1987), “Eski shahar gavroshlari” (1998), “Temir xotin” (1989) kabi jiddiy komediyalarini yaratdi. “Temir xotin” komediyasi nafaqat respublikamiz, balki boshqa mamlakatlar teatrlarida ham sahnaga qoʻyildi. Unda muallif fan-texnika rivoji davrida inson ongi, dunyoqarashi, faoliyatida sodir boʻlayotgan jiddiy oʻzgarishlar, jamiyatdagi teran muammolarni hajviy yoʻsinda ochib beradi. Mazkur asar asosida tasvirga olingan badiiy film ham xalqimizga manzur boʻldi.
Sh. Boshbekov ssenariysi asosida “Sharif va Maʼruf”, “Yuzsiz” (1993), “Tilla bola” (1994) kabi filmlar yaratildi. U “Masxaraboz” (1996), “Farhod va Shirin” filmlarida ham ssenariy muallifi, ham rejissyor sifatida qatnashdi. Uning ssenariysi asosida “Charxpalak” teleseriali dunyoga keldi. Bundan tashqari “Tentak farishtalar” (1995), “Zoʻrdan zoʻr chiqsa” (1996) kabi sahna asarlari ham respublika teatrlarida muvaffaqiyatli namoyish etilgan.
Sharof Boshbekovning “Temir xotin” asari 1989-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Shayxzoda nomidagi yillik mukofotiga loyiq topilgan.
Mustaqillik yillari “Oʻyin” (2002), “Doka roʻmolning qurishi” (2004) telefilm ssenariylarini yozdi; “Soʻqmoq” (2003), “Mehr va mauzer” (2007) kinoqissalarini yaratdi. “Falakning gardishi” (2009), “Musofir boʻlmaguncha” (2009), “Tentak farishta” (hikoyalar, maqolalar, ssenariy, 2010) majmualari nashrdan chiqdi.
Sharof Boshbekov 1990-yilda Davlat mukofotiga, 1999-yili “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor boʻldi. Shuningdek, 2001-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlangan.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q