Qarshida noqonuniy kesib tashlangan daraxtlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi

Saqlash
18:24 / 24.01.2022 828 0

Ijtimoiy tarmoqda Qarshi davlat universitetda koʻplab daraxtlarning kesilganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, Davlat ekologiya qoʻmitasining davlat inspektorlari tomonidan oʻrganish ishlari olib borilgan.

 

Oʻrganishlar davomida Qarshi davlat universiteti tomonidan Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlarni kesish uchun uch marotaba murojaat qilinganligi, oʻz navbatida Qashqadaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan mazkur murojaatlarga rad javobi berilganligi maʼlum boʻldi.

 

Taʼkidlanishicha, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan rad javobi berilganligiga qaramasdan, 38 tup daraxt noqonuniy kesib tashlangan. Mazkur qonunbuzarlik holati boʻyicha oʻsimlik dunyosiga yetkazilgan zarar 267 543 000 soʻmni tashkil etadi.

 

“Huquqbuzarlikka aloqador shaxslardan tushuntirish xatlari olinib, huquqbuzarlikka oid materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//