Shavkat Mirziyoyev Moskvada bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok etdi

Saqlash
15:31 / 09.05.2026 43 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 9-may kuni Moskva shahrida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda qatnashdi.

 



Xabarga ko‘ra, Qizil maydonda G‘alaba paradi bo‘lib o‘tgan. Unda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Laos Prezidenti Txonglun Sisulit, Malayziya Podshohi Sulton Ibrohim, Slovakiya Hukumati Raisi Robert Fitso va boshqa xorijiy delegatsiyalar rahbarlari ham ishtirok etgan.

 



Parad yakunlanganidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin va boshqa yetakchilar bilan birga Moskvadagi Aleksandr bog‘ida joylashgan Noma’lum askar qabriga gul qo‘ygan.

 

 



Ushbu yodgorlik G‘alaba yo‘lida jon fido qilgan millionlab askarlar, shu jumladan, O‘zbekiston farzandlari xotirasiga ehtirom ifodasi bo‘lib, Vatan himoyachilarining matonati, qahramonligi va fidoyiligi ramzi hisoblanadi.



Marosim bir daqiqalik sukut, faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlangan.



Ma’lumot uchun, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alaba millionlab insonlarning mislsiz jasorati, matonati va fidoyiligi evaziga qo‘lga kiritilgan buyuk tarixiy voqeadir. Bu umumiy G‘alabaga janggohlarda va front ortida chinakam qahramonlik ko‘rsatgan O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqining ham munosib hissasi bor.



Urush arafasida 6 million nafardan ziyod aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan qariyb 2 million nafar o‘zbekistonlik frontga safarbar etilgan. Qonli janglarda 538 mingdan ortiq yurtdoshimiz halok bo‘lgan, 158 mingdan ziyodi bedarak yo‘qolgan.



Jasorati, mardligi va harbiy mahorati uchun O‘zbekistonning 214 mingdan ortiq askar va ofitserlari jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan. 301 nafar yurtdoshimizga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berilgan, yana 70 nafari “Shon-sharaf” ordenining to‘liq kavaleri bo‘lgan.



O‘zbekiston xalqining front ortidagi fidokorona mehnati ham G‘alabaga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan. Respublikamiz frontning ishonchli tayanchiga aylanib, oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, qurol-yarog‘ va boshqa zarur mahsulotlarni yetkazib bergan. Qisqa muddatda O‘zbekiston hududida 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxona joylashtirilib, mudofaa sanoatining barqaror ishlashi ta’minlangan.



Urushning og‘ir yillarida xalqimiz insonparvarlik va bag‘rikenglikning yuksak namunasini ko‘rsatgan. Frontga yaqin hududlardan evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ortiq inson, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolalar O‘zbekistonda boshpana topgan. Mehr-oqibat, g‘amxo‘rlik, nochorlarga yordam qo‘lini cho‘zishga hamisha tayyorlik xalqimizning ma’naviy kuch-qudrati va oliyjanobligining yorqin ifodasidir.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//