Prezident “Matonat madhiyasi” va “Millat fidoyilari” yodgorliklari poyiga gulchambar qo‘ydi

Saqlash
12:36 / 08.05.2026 13 0

Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni poytaxtimizdagi G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xotira marosimida ishtirok etdi. 

 

An’anaga muvofiq, davlat rahbari “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. 

 

Ma’lumot uchun, mazkur muazzam obida urushda xalqimiz chekkan azob-uqubatlar, matonat va yo‘qotishlarning ifodasidir.

 

 

“Bugun oramizda sog‘-salomat yashab kelayotgan urush va mehnat faxriylari, barcha nuroniylarimizga alohida mehrimiz, ehtiromimizni izhor etamiz. Ushbu majmua buyuk g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan ko‘p millatli xalqimizning jasorati va qahramonligini tarannum etadigan tabarruk maskan, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, dedi Prezident.

 

Tadbirda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari va nuroniylar ham ishtirok etib, mazkur yodgorlik poyiga gullar qo‘ydi.

 

 

Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘idagi “Millat fidoyilari” xiyobonida ham bo‘lib, mustaqillik yillarida mamlakatimiz himoyasi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquq-tartibot idoralari xodimlarining xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

 

 

“Bir yil oldin mana shu hududda “Millat fidoyilari” majmuasini barpo etganimiz, albatta, bejiz emas. U Vatan himoyasi har bir avlodning muqaddas ishi ekani, vatanparvarlik an’analari davomiyligini eslatib turadi”, – dedi davlat rahbari.

 

 

Ta’kidlash kerak, majmuada mustaqillik yillarida Vatanimiz ozodligi, el-yurtimiz tinchligi yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan 196 nafar harbiy xizmatchi va huquq-tartibot organlari xodimlarining nomlari muhrlab qo‘yilgan.

 

Davlatimiz rahbari ota-onalarga shunday bahodir, dovyurak farzandlarni dunyoga keltirib, haqiqiy vatanparvar etib tarbiyalagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.

 

 

Eslatib o‘tish lozim, 2025-yilning o‘zida bu majmuani 650 mingga yaqin yurtdoshimiz va xorijiy mehmonlar ziyorat qilgan.

 

Joriy yil buyuk Amir Temur bobomizning 690 yillik tavallud sanasi yurtimizda, chet ellarda keng nishonlanyapti.

 

“Bugun bu yerda saf tortib turgan “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari, mard harbiylarimiz timsolida Alpomish, Manguberdi va Amir Temurlarning yangi avlodini ko‘ramiz. Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm va tajriba maktabi nafaqat muzeylarimiz, balki qalbimizga ham qaytmoqda. Bamisoli ular qayta tirilib, Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini biz bilan birga barpo etmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini borib ko‘rgan har bir odam buni chuqur his etadi”, dedi Prezident.

 

Vatanni himoya qilish – davlat va xalq uchun hech qachon kun tartibidan tushmaydigan masala. Bu barchamiz uchun – muqaddas va buyuk burch. Ayniqsa, bugungi o‘ta tahlikali zamonda bu o‘n karra, yuz karra dolzarb bo‘lib bormoqda.

 

Bu yil Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi katta tantana bilan nishonlanadi. Ushbu ulug‘ sana "Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz" degan ezgu shior asosida kutib olinayotgani zamirida, albatta, chuqur ma’no bor.

 

“Bugun yaqin-atrofimizdagi mintaqalarda bo‘layotgan qarama-qarshilik va urush-janjallarni ko‘rib turibmiz. Mana shunday murakkab vaziyatda milliy birlik va hamjihatlikni saqlash – eng katta kuch, eng katta boylik ekanini hayotning o‘zi yana bir bor tasdiqlamoqda. Vatanni himoya qilish – dunyodagi eng ulug‘ va sharafli ishdir. Bu haqiqatni chuqur anglab, harbiy qasamyodiga doimo sodiq bo‘lib kelayotgan botir va dovyurak o‘g‘lonlarimizga har qancha tasannolar aytsak arziydi”, dedi davlat rahbari.

 

Shavkat Mirziyoyev “Millat fidoyilari” xiyoboni kecha-yu kunduz jasorat ovozi yangrab turadigan, tinchlik uchun kurashga chorlaydigan qutlug‘ maskan bo‘lib qolishi, minglab, millionlab Vatan posbonlarini tarbiyalashga xizmat qilishini ta’kidladi.

 

Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida qahramonlarcha halok bo‘lgan o‘g‘lonlarimizning oila a’zolari va farzandlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni qo‘llab-quvvatlash bundan buyon ham izchil davom ettirilishi aytildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//