Mehnat munosabatlari raqamlashtirilib, ortiqcha byurokratik to‘siqlarga chek qo‘yiladi

Saqlash
16:53 / 05.05.2026 25 0

Bugun, 5-may kuni soat Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Mazkur hujjat bilan amaldagi qonunchilikka bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Qonun loyihasi mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish, ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish hamda xodimlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan.

 

Xususan, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati qisqartirilmoqda. Taklif etilayotgan tartibga ko‘ra, fuqaroni ishga qabul qilishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar esa harbiy guvohnoma yoxud harbiy hisobda turganlik haqidagi guvohnoma taqdim etishi lozim.

 

Bundan tashqari, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma berish bekor qilinmoqda. Shuningdek, elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya (Face-ID) orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtirilmoqda.

 

Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga doir normalar ham o‘z aksini topgan. Jumladan, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish choralari belgilanmoqda.

 

Ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun pulli kompensatsiya to‘lash tartibi aniqlashtirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//