Jahon ahamiyatiga ega 10 ta nodir artefakt O‘zbekistonga qaytarildi

Saqlash
16:42 / 04.05.2026 42 0

O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU) va Islom sivilizatsiyasi markazi Buyuk Britaniyadan yo‘qolgan merosni qaytarishga erishdi

 

Xabarga ko‘ra, London shahridagi O‘zbekiston elchixonasida Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida xalqaro media-tadbiri bo‘lib o‘tgan. Tadbirning eng muhim qismi - O‘zbekistonga madaniy boyliklarni qaytarish marosimi bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, qaytarilgan buyumlar orasida Markaziy Osiyo tarixining turli davrlariga oid 10 ta bebaho artefakt bo‘lib, ular ba’zilari Kushonlar davri madaniyati, qadimgi Termiz, buddaviy san’at an’analari va Sug‘d merosiga tegishlidir. Ayrim ashyolar milodiy II–VIII asrlarga taalluqli. 

 

Shuningdek, qaytarilgan meros orasida podshohlik shaxsiga tegishli bo‘lgan noyob temuriylar davri kenotafi ham bor.

 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruv raisi Firdavs Abduxoliqovning so‘zlariga ko‘ra, tarixiy artefaktlarni qaytarish bir necha oy davom etgan keng qamrovli va murakkab xalqaro hamkorlik natijasidir. Bu jarayonda turli mamlakatlardan o‘nlab mutaxassislar, ekspertlar, huquqshunoslar, san’atshunoslar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirok etgan. Qaytarish ishlari mazkur ashyolar O‘zbekiston hududidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot kelib tushgandan so‘ng boshlangan Keyinchalik xorijiy mutaxassislar, WOSCU a’zolari, san’at tarixi bo‘yicha olimlar va madaniy meros ekspertlari ishtirokida xalqaro ishchi guruh shakllantirilgan.

 

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, qaytarilgan obyektlar orasida milodiy II–V asrlarga tegishli bo‘lgan gips va terrakotadan ishlangan haykal boshlari alohida ahamiyatga ega. Bunday asarlar Kushonlar davri madaniyati va qadimgi Termizning buddaviy san’at markazlari — Qoratepa, Fayoztepa va Dalvarzintepaga xosdir. Shuningdek, qadimiy devoriy rasmlar parchalari ham katta qiziqish uyg‘otadi. Ularning ayrimlari VII–VIII asrlarga oid sug‘diy an’analar yoki O‘zbekiston janubidagi yanada qadimiy monumental maktablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

 

 Ma’lumot uchun, Toshkentga keltirilgandan so‘ng, ushbu ashyolar qo‘shimcha atributsiya, restavratsiya tekshiruvi va ilmiy tavsifdan o‘tkaziladi. Bu ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish va O‘zbekiston tarixiy xotirasining qaytarilgan qismi sifatida keng jamoatchilikka ilk bor namoyish etish imkonini beradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//