“Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga start berildi

Saqlash
17:40 / 28.04.2026 18 0

Bugun Toshkent shahridagi “Alpomish” muz saroyida nufuzli xorijiy mehmonlar, xalqaro ekspertlar hamda soha mutaxassislari ishtirokida “Kelajak muhandislari” xalqaro festivaliga start berildi. 

 

 

“Muhandislik oyligi” doirasida uyushtirilgan tadbir muhandislikning bir nechta dolzarb yo‘nalishlarini qamrab olgan. Bular aviatsiya, agrotexnologiyalar, mashinasozlik, robototexnika, chip dizayn, yashil energetika, arxitektura hamda tibbiyot muhandisligidir. Festival davomida mazkur sohalarga taalluqli 30 dan ortiq respublika xalqaro darajadagi musobaqa va amaliy sinovlar tashkil etildi.

 

 

Xususan, aviatsiya muhandisligi yo‘nalishida: FPV dronlar ishtirokidagi tezlik poygalari, jamoaviy dron futbol bahslari, yong‘in o‘chirish vazifasini bajaruvchi dron loyihalari, raketa modellashtirish hamda avia modellar janglari o‘tkazildi. Shu bilan birga, mikro dronlar o‘rtasida “Tiny Whoop” musobaqasi ham festival dasturidan o‘rin oldi.

 

Agrotexnologiyalar muhandisligi yo‘nalishida qishloq xo‘jaligi uchun innovatsion texnikalar ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga qaratilgan amaliy musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda raqamli monitoring, aniq purkash va avtonom boshqaruv yechimlari asosiy baholash mezonlari sifatida e’tiborga olindi.

 

 

Mashinasozlik muhandisligi yo‘nalishida esa energiya samaradorligiga alohida urg‘u berilgan holda, eng kam energiya sarfi bilan maksimal masofani bosib o‘tuvchi yangi avlod avtomobillarini yaratish bo‘yicha bellashuv uyushtirildi.

 

Chip dizayn muhandisligi yo‘nalishi doirasida digital, analog, mixed-signal, FPGA hamda SoC/IP Core yo‘nalishlarida innovatsion chiplar yaratish bo‘yicha musobaqa, shuningdek, robototexnika qurilmalarini dasturlashga bag‘ishlangan “Robo coders” tanlovi tashkil qilindi.

 

Bundan tashqari, robotlar jangi (Robo war), robot futboli, robo sumo, chiziq bo‘ylab harakatlanuvchi robotlar (Line following), robot-sapyorlar, gumanoid robotlar bellashuvi, suv osti robotlari musobaqasi, xalqaro standartlarga asoslangan First Global Decode dasturi hamda jamoaviy vazifalarni bajarishga qaratilgan Robo Mission tanlovlari ham o‘tkazildi.

 

 

 

Festivalda 6 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan barcha fuqarolar, o‘quvchilar, talabalar, yosh muhandislar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi. Shu qatorda, musobaqalarda 10 dan ortiq davlatdan kelgan yoshlar ham ishtirok etdi.

 

 

Ma’lumot uchun, joriy yilda festival musobaqalarida qatnashish uchun umumiy hisobda 14 mingga yaqin ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tgan.

 

Festivalda dunyoning muhandislik sohasidagi yetakchi tashkilotlaridan 20 nafarga yaqin rahbar va xorijlik ekspert mehmon bo‘ldi.

 

 

 

 

Tadbir davomida O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning yetakchi texnika oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan "Kelajak muhandislari" ilmiy konsorsiumini tashkil etilishi tantanali e’lon qilindi.

 

 

Shuningdek, muhandislaring ramziy ma’noda o‘z madhiyasi ham yaratildi. 

 

Festival 30-aprelga qadar davom etadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//