Javohir Sindorov Nomzodlar turnirida rekord o‘rnatdi

Saqlash
13:11 / 10.04.2026 44 0

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov Kiprda o‘tkazilayotgan shaxmat bo‘yicha 2026-yilgi Nomzodlar turnirining hozirgi formatida eng ko‘p g‘alaba qozongan shaxmatchi sifatida rasman rekord o‘rnatdi. Turnir yakunlanishiga esa hali 4 tur bor. U 10 ta bahsning 6 tasida g‘alaba qozonib, birorta mag‘lubiyatga uchramadi.

 

Qayd etilishicha, musobaqa Javohir Sindorov uchun muvaffaqiyatli davom etmoqda. Turnirning 10-turida Sindorov oq donalarda hindistonlik Rameshbabu Pragnanandha bilan bahs olib bordi. Raqibning qo‘pol xatosidan unumli foydalangan Javohir aniq yurishlar evaziga ustunlikka erishdi. 53-yurishdan so‘ng Pragnanandha mag‘lubiyatni tan oldi. Ikki grossmeyster o‘rtasidagi birinchi bellashuvda ham o‘zbekistonlik shaxmatchining qo‘li baland kelgan edi.

 

Ushbu natija evaziga Javohir 8 ochko bilan turnir jadvalidagi peshqadamligini saqlab qoldi. U eng yaqin ta’qibchisi, niderlandiyalik Anish Girini 2 ochkoga ortda qoldirmoqda.

 

Ta’kidlanishicha, o‘zbekistonlik shaxmatchilar orasida ilk bor Nomzodlar turnirida qatnashayotgan Javohir Sindorov musobaqani mag‘lubiyatsiz davom ettirmoqda. U ortda qolgan turlarda Andrey Yesipenko, Rameshbabu Pragnanandha (ikki marta), Fabiano Karuana, Hikaru Nakamura va Vey I kabi jahonning eng kuchli shaxmatchilari ustidan g‘alaba qozondi. O‘zbekistonning ikkinchi raqamli grossmeysteri, shuningdek, Matias Blubaum (ikkita o‘yinda), Anish Giri va Andrey Yesipenko (ikkinchi o‘yinda) bilan durangga imzo chekdi.

 

15-aprelga qadar davom etadigan ushbu turnir g‘olibi amaldagi Jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi shaxmat toji uchun kechadigan bahsda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi. 700 ming AQSH dollari miqdoridagi sovrin jamg‘armasiga ega musobaqa ikki davradan (14 ta tur) iborat.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//