“Sevimli” telekanali rahbari Amira Rashidova Saida Mirziyoyeva tanqid qilgan serial boʻyicha izoh berdi

Saqlash
14:25 / 20.01.2022 1480 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida efirga uzatilayotgan “Sabriya” serialidagi axloqsiz sahna aks etgan kadr tarqaldi. AOKA holat nazoratga olinib, tekshiruv ishlari boshlanganini maʼlum qilgan edi.

 

Bundan tashqari, Saida Mirziyoyeva ham ushbu serialni tanqid qilib, badiiy kengashlar va mutasaddi tashkilotlarni bu kabi kontentga qonun va etika nuqtayi nazaridan xulosa berishga chaqirdi.

 

Shundan soʻng telekanal rahbari Amira Rashidova serial atrofida boʻlayotgan gap-soʻzlarga Instagram sahifasida munosabat bildirdi.

 

“Serialning bir epizodi tarqalgan. Unda giyohvand yigit qizga hamla qilmoqchi boʻlgan harakati aks etgan. Ssenariyda koʻrsatilgan zoʻravonlik sahnasini rejissyor odam tanasini, qon va urushni koʻrsatmay suratga olgan. Ochiq zoʻravonlik, behayo yoki axloqsiz sahnalar koʻrsatilmagan. Qolaversa, giyohvand zoʻravon, oʻz amaliga yarasha jazosini serialning shu qismida olgani koʻrsatilgan. Yovuzlikni koʻrsatmay, yomon odamlarning borligini berkitib yashaydigan zamonda emasmiz, Xudoga shukr. «Sabriya” serialidagi voqealar ham real insonlar hayotidan olingan.

 

Ayollarning erkinligi va ularga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash masalasini har qadamda yozaman, gapiraman. Men ayollarga nisbatan har qanaqa zoʻravonlikka qarshiman, telekanal kontentida shu illat asoratlari haqidagi “Zirapcha”, “Sen va men”, “Bir kaft tuproq”, «Qafasda…” kabi ayollar mavzusiga qaratilgan katta loyihalarga qoʻl urganmiz. Bu loyihalarda ham jamiyatdagi kamchiliklarni koʻrsatib, qahramonlar hayotini izga solishga hissa qoʻshganmiz.

 

“Sevimli” telekanali “Sabriya” serial namoyishidan avval 16+ markirovkasini bergan, qolaversa, “axloqsiz” degan ayblovni qoʻyishdan oldin kesib olingan kadrning yakunini tushunish uchun filmning yana 3 daqiqasini koʻrish yetarli. Ushbu serial rejissyor Nasiba Tursunovaning ilk ishi. Koʻplab kinoijodkorlar qatori, “Sevimli” uni ham qoʻllab-quvvatladi, ishonch bildirdi. Kelajakda ham u bilan hamkorlik qilish niyatidamiz, ijodkorni sindirishlariga qarshiman…

 

Bir narsani taʼkidlamoqchiman, bir yil oldin telekanallar asosiy kontentini turk seriallari egallagan edi, bugunga kelib har bir telekanalda 2-3 tadan milliy seriallar namoyish etilmoqda, lekin shu bilan birga uzatilayotgan seriallardan ommaning koʻngli toʻlmayapti, bunga koʻp sabab bor, ijodiy va texnik muammolar yetarli… Biz oʻtish davridamiz. Milliy seriallarimiz yaxshiroq boʻlishiga ishonaman, har holda urinishlar yoʻq emas, garchi bu oson boʻlmasada, shunchaki hammasiga vaqt kerak.

 

Nima boʻlganda ham har biringizdan minnatdorman, befarq boʻlmaganingiz uchun, yaxshi yoki yomon muhim emas, balki shunchaki fikr bildirib turganingiz uchun ham rahmat!», – deb yozgan telekanal rahbari.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//