Zangiota shifoxonasiga murojaat qilayotgan 90-95 foiz bemorlarda oʻpka zararlanishi kuzatilmayotgani maʼlum qilindi

Saqlash
21:59 / 19.01.2022 1081 0

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov koronavirusning yangi turi oldingi delta va “britancha” shtammlariga nisbatan biroz yengil oʻtayotganini maʼlum qildi, deb xabar berdi SSV matbuot xizmati.

 

Husanovning soʻzlariga koʻra, ayni paytda muassasada koronavirusga chalingan 1300 nafardan ziyod bemor davolanmoqda. Soʻnggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari koʻp kuzatilayotgani bois, 5-yanvardan shifoxonaga murojaat qilayotgan bemorlar soni ham keskin oshgan.

 

“Hozirda muassasamizga oʻrtacha kuniga 300-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200-300 nafari gospitalizatsiya qilinyapti. Vaholanki, yanvar oyining toʻrtinchi sanasiga qadar kuniga 65-70 ta murojaat boʻlib, shundan 70 foiz bemor davolanishga yotqizilgan”, – deydi shifokor.

 

Taʼkidlanishicha, bugungi kunda muassasaga murojaat qilayotganlarning aksariyati yengil darajadagi bemorlarni tashkil qilmoqda. Ularda kasallik asosan, isitma, boʻgʻimlarda ogʻriq, bosh ogʻrigʻi, holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon boʻlyapti.

 

“Qolaversa, 5-yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90-95 foiz bemorda saturatsiyaning pasayishi va oʻpkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. Oʻpkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti”, – deya qayd etadi Anvar Husanov.

 

Shuningdek, davolanish muddati esa qisqarib, oʻrtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Ogʻir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi «Remdesivir» va boshqa dori vositalariga boʻlgan ehtiyoj kamaygan.

 

“Natijada bugungi kunda 190 oʻringa moʻljallangan jonlantirish boʻlimida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, delta shtammi avj olgan oʻtgan yil yoz oylarida reanimatsion boʻlimlarda bemorlar soni ancha koʻp edi”, – deydi u.

 

Shu sababli Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori fuqarolarni ortiqcha sarosimaga berilmaslikni, zarurat boʻlmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormaslikni, agar oʻzlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxt aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida tashkil etilgan maxsus poliklinikalarga murojaat qilishlarini soʻragan. Shuningdek, u bevosita koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan amaliyotchi shifokor sifatida barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan boʻlsa, buster dozalarini olishga chaqirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//