Joriy yilda mahallalar uchun 56 trillion so‘m ajratiladi

Saqlash
14:14 / 13.03.2026 30 0

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisi 38 milliondan, mehnatga layoqatli aholi 20 milliondan oshdi, so‘nggi to‘qqiz yilda aholi daromadi 2 karra ko‘paydi.

 

Xalq og‘irini yengil qilish, ko‘targan masalalariga yechim topish bo‘yicha vazir va hokimlar mahallaga tushib ishlaydigan tizim yaratildi. Bu yil ham mahallalarda aholi turmushini yaxshilashga 56 trillion so‘m ajratilmoqda.

 

“Endi vazirlar, hokimlar o‘ziga savol bersin: shuncha imkoniyat bo‘la turib, aholi ko‘targan masalalarga vaqtida yechim topib beryaptimi? Bundan to‘qqiz yil oldin Xalq qabulxonalari tashkil qilinganda bitta maqsad qo‘yilgan edi: davlat idoralarini xalqqa yaqinlashtirish. To‘g‘ri, Xalq qabulxonalari vaqtida samarali ishladi. Lekin bu idorani ham odamlarning bugungi talabiga mos holda o‘zgartiradigan vaqt keldi”, dedi Prezident.

 

Bundan keyin “Har bir inson va xonadon muammosini bilib, vaqtida ko‘mak berishim kerak” degan shior har bir tuman, shahar, viloyat hokimi, vazir, uning hududiy tashkilot rahbarlarining bosh qoidasi bo‘lishi zarurligi qayd etildi.

 

Bundan tashqari, mamlakatdagi har o‘n ming kishiga o‘rtacha 319 ta ariza va shikoyat to‘g‘ri kelayotgani qayd etildi.

 

Davlat rahbari Buxoro, Karmana, Uchquduq, Sardoba, Xovos, Bo‘stonliq tumanlari, Angren, G‘ozg‘on shahar hokimlari mahalladagi 4-5 nafar odam bilan “nomiga” gaplashib, sayyor qabul o‘tkazdim deb yurganini tanqid qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//