Samarqandda Oʻzbekiston–Vengriya uchinchi rektorlar forumi oʻtkazildi

Saqlash
15:56 / 05.03.2026 20 0

Samarqand shahridagi “Ipak yoʻli” turizm va madaniy meros xalqaro universitetida “Raqamli davrda oliy taʼlim: sunʼiy intellekt, innovatsion modellar va global raqobatbardosh universitetlar” mavzusida Oʻzbekiston-Vengriya uchinchi rektorlar forumi boʻlib oʻtmoqda.

 

Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri Qoʻngʻirotboy Sharipov, Vengriya Rektorlar konferensiyasi prezidenti Bela Merkeli, Vengriyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja, Obuda universiteti rektori Levente Kovach, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari rahbarlari va soha vakillari ishtirok etdi.

 

Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi taʼlim va ilm-fan sohasidagi hamkorlik soʻnggi yillarda yangi bosqichga koʻtarilgan boʻlib, 2017-yili imzolangan taʼlim, fan va madaniyat sohalaridagi hukumatlararo bitim asosida izchil rivojlanib bormoqda.

 

 

Bugungi kunda Oʻzbekistonning 50 dan ortiq oliy taʼlim tashkiloti Vengriyaning 30 dan ziyod universitet va ilmiy-taʼlim tashkilotlari bilan qariyb mingta hamkorlik kelishuvlari asosida hamkorlikni amalga oshirmoqda. Shuningdek, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, muqobil energetika, oziq-ovqat mahsulotlari, qurilish materiallari va ekologiya kabi sohalarni qamrab olgan 17 ta qoʻshma startap loyihalari amaliyotga tatbiq etilyapti.

 

Forum doirasida taʼlim tizimiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, innovatsion taʼlim modellarini rivojlantirish, universitetlar oʻrtasidagi ilmiy tadqiqotlar, qoʻshma laboratoriyalar tashkil etish, texnologiyalar transferi hamda “universitet-sanoat” hamkorligini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

 

Forum yakunida Oʻzbekiston va Vengriya oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 20 dan ortiq yangi hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. Ushbu kelishuvlar qishloq xoʻjaligi, muhandislik, axborot texnologiyalari, sunʼiy intellekt, energetika, tibbiyot va pedagogika kabi ustuvor yoʻnalishlarda qoʻshma taʼlim va ilmiy tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Mazkur forum Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi strategik akademik hamkorlikni yanada mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, global raqobatbardosh universitetlar ekotizimini shakllantirish yoʻlida muhim qadam boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//