Yoshlar ishlari agentligi Xayrulla Asadovga kitob doʻkoni oʻrnatib beradi

Saqlash
11:29 / 05.03.2026 83 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “tirik kitob” sifatida tanilgan kitob sotuvchisi Asadov yaqinda 20 ming soʻmga xarid cheki bermagani va 20 ming soʻm pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani uchun jarimaga tortilgandi.

 

Yaqinda koʻchada kitob sotuvchi, koʻpchilik “tirik kitob” nomi bilan taniydigan Xayrulla Asadov noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullangani uchun jarimaga tortildi.

 

Sud qarorida keltirilishicha, 2025-yil 23-sentyabr kuni Mirzo Ulugʻbek tumani davlat soliq inspeksiyasi xodimlari Xayrulla Asadovga tegishli koʻchma savdo nuqtasida tekshiruv oʻtkazgan. Jarayonda u xaridorga 20 ming soʻmga xarid cheki bermagani va kunlik savdodan tushgan 20 ming soʻm pulni onlayn nazorat kassa mashinasi xotirasiga kiritmagani, shuningdek, tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritayotgani aniqlangan.

 

Unga BHMning 5 baravari (2 mln 60 ming soʻm) miqdorida jarima jazosi qoʻllangan.

 

Shuningdek, Xayrulla Asadovning narxi 1 mln 520 ming soʻm boʻlgan 3 turdagi 100 dona kitobi tegishli tartibda musodara qilingan.

 

Yoshlar ishlari agentligi ushbu voqeaga munosabat bildirdi. Agentlik xabarida yoshlarimizning kitobga boʻlgan qiziqishi va koʻchalarda maʼrifat ulashayotgan insonlarning harakati doimo eʼtirof hamda qoʻllab-quvvatlashga munosibligi aytilgan.

 

Shu oʻrinda, davlatimiz rahbarining tegishli qarorida aynan kitob savdosiga qulay sharoit yaratish, mamlakat boʻylab kitob koʻchalari va bogʻlarini tashkil etish hamda ularni tizimli qoʻllab-quvvatlash ustuvor vazifa etib belgilanganini alohida taʼkidlangan.

 

“Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinayotgan, poytaxtimizdagi kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov bilan bogʻliq vaziyat hozirda Yoshlar ishlari agentligining eʼtiborida.

 

Hozirgi kunda koʻchalarda kitob savdosini zamonaviy, tartibli va qulay formatga oʻtkazish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar doirasida aniq amaliy choralar koʻrilishi rejalashtirilgan.

 

Jumladan, jonkuyar kitobdor Xayrulla Asadovni munosib qoʻllab-quvvatlash maqsadida quyidagilar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:

 

– Yoshlar va kitob mutolaasiga qiziquvchi barcha vatandoshlarimizga ilm ulashishda davom etishi uchun unga zamonaviy bukinist do‘konchasi oʻrnatib beriladi;

 

– Faoliyatini barqaror va tizimli yoʻlga qoʻyishi uchun ushbu yangi savdo nuqtasiga qoʻshimcha 2000 dan ziyod kitob taqdim etiladi.

 

Asosiy maqsadimiz– ezgu tashabbuslarga munosib sharoit yaratib berish orqali ularni yanada rivojlantirishdir”, deyiladi agentlik xabarida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//