Shavkat Mirziyoyev BAA prezidenti bilan Yaqin Sharqdagi vaziyat to‘g‘risida telefon orqali muloqot qildi

Saqlash
17:51 / 04.03.2026 25 0

Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan telefon orqali muloqot qildi.

 

Muloqotda oxirgi kunlarda Yaqin Sharq mintaqasidagi vaziyat tobora keskinlashib, nizo va ziddiyatlar avj olayotgani qattiq tashvishga solayotganini qayd etildi.

 

Ramazon oyida ro‘y berayotgan bunday noxush holatlar xalqaro huquq tamoyillariga zid ekanligi hamda tinchlik-osoyishtalikka tahdid solayotgan har qanday harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish zarurligi ta’kidlandi.

 

Davlat rahbari ushbu murakkab damlarda O‘zbekistonning strategik sherigi va yaqin hamkori bo‘lgan Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyati va xalqi bilan birdam va yakdil ekanini bildirdi.

 

Hozirda ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ko‘rsatilayotgan amaliy ko‘mak, ularni vataniga qaytarish bo‘yicha olib borilayotgan choralar uchun alohida tashakkur izhor etdi.

O‘z navbatida amirliklar yetakchisi ushbu sinovli damlarda O‘zbekiston prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlagani, ko‘rsatayotgan birodarlik hurmati va hamjihatlik ruhi uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//