Shavkat Mirziyoyev Oman sultoni bilan telefon orqali muloqot qildi

Saqlash
16:42 / 04.03.2026 26 0

4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oman sultoni Haysam bin Toriq Ol Said o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

 

Muloqotda Yaqin Sharqdagi hozirgi murakkab vaziyat muhokama qilinib, yuzaga kelgan beqarorlik jiddiy tashvish uyg‘otayotgani qayd etildi.

 

O‘zbekiston Prezidenti Oman hududida sodir bo‘lgan bunday harakatlardan xavotirda ekanini bildirib, O‘zbekiston har qanday qarama-qarshilik hamda ziddiyatni siyosiy-diplomatik va tinch yo‘llar bilan, muzokaralar orqali hal qilishning qat’iy tarafdori ekanligini ta’kidladi.

 

Davlat rahbari Sultonlikning mintaqada xavfsizlikni ta’minlash borasida amalga oshirib kelayotgan faol vositachilik roli va izchil sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etdi.

 

Shuningdek, Omanda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash va ularni Vataniga qaytarish uchun yaratilayotgan shart-sharoit uchun Sulton A’lo Hazratlariga chuqur minnatdorlik bildirdi.

 

O‘z navbatida, Oman sultoni O‘zbekiston yetakchisiga hamjihatlik va birdamlik tuyg‘ulari uchun tashakkur izhor etib, Masqatga bo‘lajak oliy darajadagi tarixiy tashrif yuksak saviyada o‘tishiga ishonch bildirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//