Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyanni xalqaro mukofot bilan tabrikladi

Saqlash
12:52 / 05.02.2026 30 0

4-fevral kuni Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabi shahrida Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofotini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taqdirlash marosimi ishtirokchilariga videomurojaat yoʻlladi.

 

Unda davlat rahbari mukofotga sazovor boʻlgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Respublikasi Bosh vaziri Nikol Pashinyanni tabrikladi.

 

 

“Siyosiy yetakchilarning uzoq davom etgan mojaroni oqilona hal etish, tinchlikka erishish yoʻlidagi birgalikdagi saʼy-harakatlari, hech shubhasiz, ushbu nufuzli mukofotga haqli ravishda munosibdir. Erishilgan kelishuv muammo yechimiga masʼuliyatli yondashuvning yorqin namunasi boʻlib, mintaqamizda barqarorlikni taʼminlash yoʻlidagi tarixiy qadam boʻldi.

 

Bugungi kunda faqat ahillik, bir-birini qoʻllab-quvvatlash va yaqin doʻstlik orqali xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligini taʼminlash mumkin”, dedi Prezident marosim ishtirokchilariga murojaatida.

 

Davlat rahbari Oʻzbekiston har qanday nizo va ziddiyatni faqat siyosiy-diplomatik vositalar, xalqaro huquq tamoyillari va yaxshi qoʻshnichilik asosida hal etish tarafdori ekanini taʼkidladi.

 

Shuningdek, Birlashgan Arab Amirliklari rahbariyatining gumanitar tashabbuslarni faol ilgari surish, xalqaro maydonda muloqot madaniyatini izchil yuksaltirish borasidagi xizmatlarini alohida eʼtirof etildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//