Mirziyoyev va Erdog‘on raisligida Strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishi o‘tkazildi

Saqlash
21:28 / 29.01.2026 36 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘on raisligida oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Tomonlar mazkur yig‘ilish muborak Ramazon oyi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Abadiy do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganiga 30 yil to‘lishi arafasida o‘tayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Siyosiy muloqot jadal rivojlanayotgani, xalqaro masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyasi o‘xshash ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

 

 

BMT, Turkiy davlatlar tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqa tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga kelishildi.

 

Kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini, jumladan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimdagi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish orqali 5 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilab olindi.

 

Shuningdek, hududlararo hamkorlikning ulkan salohiyati qayd etildi. Yil oxiriga qadar O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan delegatsiyalar hamkor hududlar bilan loyihalar portfelini ishlab chiqish maqsadida Turkiyaga tashrif buyuradi.

 

Qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik, sog‘liqni saqlash va tibbiy turizm sohalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

 

Turizm yo‘nalishida aloqalarni rivojlantirish, teatr festivallari va madaniyat haftaliklarini o‘tkazish, tarixiy filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, madaniy meros obektlarini hamkorlikda tiklashga alohida e’tibor qaratildi.

 

Ta’lim sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida shu yil bahorda Buxoroda to‘rtinchi Rektorlar forumini o‘tkazishga kelishildi.

 

Shuningdek, Qo‘shma hukumatlararo komissiya hamraislarining ko‘p qirrali hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan hisobotlari tinglandi.

 

Yig‘ilish yakunida ikki davlat hukumatlariga qabul qilingan qarorlarni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash topshirildi.

 

Shavkat Mirziyoyev Rajab Toyyib Erdog‘onga O‘zbekistonga tashrif bilan kelishni taklif qildi.

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//