“Elchi va konsullar xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, – Shavkat Mirziyoyev

Saqlash
18:26 / 15.01.2026 23 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

 

Yigʻilishda – fuqarolarimizga xorijda yuqori daromadli ish oʻrinlarini topib berish ustuvor vazifa ekanligi qayd etildi. Shuningdek, fuqarolarimizning xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uygʻotayotgani ham taʼkidlandi.

 

Ilgari fuqarolarimiz asosan 2-3 ta davlatga borib ishlagan boʻlsa, hozir tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotgani taʼkidlandi.

 

Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda oʻquv kurslarini tashkil etdi.

 

Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yoʻnalishlarida “10 ming nafar oʻzbek mutaxassisini jalb qilish” loyihasini boshladi. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

 

Lekin qolgan mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatmayotgani qayd etildi.

 

 

Masalan, chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yoʻnalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.

 

Oʻtgan yili AQSh hukumati qishloq xoʻjaligi ishchilari uchun maxsus viza olishni soddalashtirdi.

 

Ushbu mamlakatdagi elchiga AQShdagi mavsumiy ishchilar jalb qilinadigan davlatlar roʻyxatiga Oʻzbekistonni kiritish boʻyicha muzokaralar oʻtkazish topshirildi.

 

Bundan keyin har bir viloyat hokimi ishchi kuchi qabul qiluvchi rivojlangan davlatlar hududlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlash amaliyotini yoʻlga qoʻyishi kerakligi qayd etildi.

 

Umuman, har bir elchi xorijda yuqori daromadli ish oʻrinlarini topish, aholini shunga mos kasb va tilga oʻqitishga ham masʼul boʻlishi belgilandi.

 

Bu borada Yaponiya, Shvetsiya, Norvegiya, Bolgariya, Avstriya, Xorvatiya, Sloveniya, Serbiya, Gretsiya va Ummon bilan migratsiyaga oid hukumatlararo va idoralararo bitimlarni imzolash muhimligi taʼkidlandi.

 

Prezident xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda oʻzbekistonliklar huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uygʻotayotganini aytib oʻtdi.

 

Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.

 

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam koʻrsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, – dedi Prezidentimiz.

 

Bundan tashqari, xorijdagi yoshlarimiz yoki talabalarning turli oqimlarga qoʻshilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi taʼkidlandi.

 

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini oʻrganib, yechimi boʻyicha ishlashi shartligi qayd etildi.

 

Mutasaddilarga xorijda ogʻir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimiz uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//