Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025-yil koʻp jihatdan natijador boʻlganini qayd etdi.
Xususan, oʻtgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Yangi tariximizda ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etildi.
“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar sermahsul boʻldi.

Soʻnggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi.
“Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti”, – dedi Prezident.
Xorijiy davlatlarda 2017-yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetgani maʼlum qilindi.
Yigʻilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oylik ish haqi koʻpaytirilgani qayd etildi.
“Lekin barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni toʻgʻri anglab, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solyaptimi?
Diplomatik faoliyatni baholashning bitta oʻlchovi bor, u ham boʻlsa – natija!
Shu bois, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, Yevropaga eksport 23 foizga koʻpayib, 2,3 milliard dollarga yetgan.
Lekin ayrim davlatlardagi elchilarimiz ushbu bozorlarda oʻzbek mahsuloti nomini tanitish boʻyicha natija koʻrsata olmayotgani qayd etildi.
Fransiya kimyo sanoatimiz uchun yangi eksport yoʻnalishi, Fargʻona, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatidagi kimyo korxonalari uchun katta bozor ekani koʻrsatib oʻtildi.
Iqlim oʻzgarishi va suv taqchilligi sharoitida Ispaniya qishloq xoʻjaligida katta yutuqlarga erishayotgani taʼkidlandi.
Masalan, Almeriya hududida 30 ming gektardan ziyod maydonda yaxlit issiqxonalar kompleksi tashkil qilingan boʻlib, birgina soliq tushumining oʻzi 1,5 milliard yevroga teng. Eng muhimi, bu issiqxonalar quyosh energiyasida ishlaydi, gazdan foydalanmaydi.
Ispaniyadagi elchiga ushbu davlatning qishloq xoʻjaligidagi ilgʻor tajriba va texnologiyalarini Surxondaryo va Qashqadaryoga olib kelish boʻyicha dastur qilish topshirildi.
Niderlandiya qishloq xoʻjaligi eksporti boʻyicha dunyodagi TOP-3 davlatlar qatoriga kiradi.
Issiqxonachilik yoʻnalishidagi 100 dan ortiq kompaniyalarni birlashtirgan “World Horti Center” innovatsiya va bilim markaziga har yili butun dunyodan 40 mingdan ziyod mutaxassislar kelib malakasini oshiradi.
Belgiyadagi elchiga ushbu markazga kamida 100 nafar mahalliy mutaxassisni olib borib, issiqxona sohasidagi ilgʻor innovatsiya va tajribalarni oʻrganishni tashkil etish topshirildi.
Siyosat
Siyosat
Siyosat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
110622
Jamiyat
94416
Jamiyat
90307
Jamiyat
74080
Jamiyat
//
Izoh yo‘q