Rossiyalik teleboshlovchi Markaziy Osiyoni “bizning Osiyo” deb atadi

Saqlash
09:16 / 12.01.2026 65 0

Rossiyalik teleboshlovchi Vladimir Solovyov Armaniston hamda Markaziy Osiyo Rossiya uchun Suriya yoki Venesueladan ko‘ra ancha muhim ekanini aytib, ularni yo‘qotish Moskva uchun “ulkan muammo” bo‘lishini ta’kidladi.

 

Xabarga ko‘ra, jurnalist bu hududlarda ham Ukrainada bo‘lgani kabi “maxsus harbiy operatsiya” o‘tkazishga chaqirgan.

 

“O‘z maqsad va vazifalarimizni juda aniq shakllantirishimiz kerak. Ochiq aytishimiz lozim: o‘yinlar tugadi. Xalqaro huquq ham, xalqaro tartib ham biz uchun ahamiyatsiz. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukraina hududida maxsus harbiy operatsiyani boshlash zarur bo‘lgan bo‘lsa, xuddi shu mulohazalardan kelib chiqib, nima uchun biz o‘z ta’sir zonamizdagi boshqa hududlarda ham maxsus harbiy operatsiyalarni boshlay olmasligimiz kerak?” degan Solovyov.

 

U bu so‘zlarni Solovyov Live dasturida aytgan. Uning fikricha, Rossiya o‘z tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida “yaqin xorij” hududlariga e’tibor qaratishi zarur.

 

Shuningdek, jurnalist Armanistondagi jarayonlar Moskva uchun Venesuelada sodir bo‘layotgan voqealardan ancha og‘riqliroq ekanini urg‘ulagan va bu mamlakatni yo‘qotish Rossiya uchun ulkan muammo bo‘lishini ta’kidlagan.

 

Solovyov nutqi davomida Markaziy Osiyoni “bizning Osiyo” deb atagan va mazkur mintaqada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar Rossiya milliy xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirishini iddao qilgan.

 

U o‘z chiqishida Rossiya rahbariyatini xalqaro huquq va xalqaro tartib masalalarini e’tiborsiz qoldirishga chaqirib, “o‘yin tugagani”ni aytgan.

 

“O‘z milliy doktrinamizni shakllantirib, aniq aytishimiz kerakdir: ta’sir zonamiz qayerlargacha cho‘ziladi? Shunda hammasi ravshan bo‘ladi. Hammasi tushunarli bo‘ladi. “Cho‘chqalarga marvarid sochish”ni to‘xtatishimiz va Yevropada nima deb o‘ylashlarining bizga farqi yo‘qligini ochiq aytishimiz kerak”, degan u.

 

Bundan tashqari, Vladimir Solovyov Rossiya “ukrainaliklarga nisbatan shafqat qilishni to‘xtatish kerakligi”ni ham ta’kidlagan. U “urushning dastlabki haftalaridayoq shafqatsiz choralar ko‘rilganida, mojaro tezroq yakunlangan va kamroq talafot berilgan bo‘lishi”ni iddao qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//