Siyosat
20-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioda “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ishtirok etdi.
Yaponiya Bosh vaziri Sanae Takaichi raisligida oʻtgan tadbirda Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdilar.
Kun tartibiga muvofiq, Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya oʻrtasida “yashil iqtisodiyot” va barqaror rivojlanish, oʻzaro bogʻliqlik hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, inson resurslarini rivojlantirish kabi ustuvor sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida bundan 20 yil muqaddam aynan kunchiqar yurt ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori boʻlganini qayd etdi.
“Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganidan keyingi davr mobaynida Yaponiya ishonchli hamkorimiz boʻlib kelayotganini, mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, infratuzilma, sanoat va energetika bazasini modernizatsiya qilish, fan va taʼlim hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshayotganini yuksak qadrlaymiz. Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiyaning mintaqa hayotida yanada keng va faol ishtirok etishidan manfaatdor”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mintaqa tabiiy resurslarga boyligi, jahondagi transport, savdo va energetika yoʻnalishlari chorrahasida joylashgani, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyotining jadal surʼatlarda oʻsayotgani hamda bu yerda kechayotgan yaqinlashish va integratsiyaning faol jarayonlari Yaponiya bilan kooperatsiya uchun qulay sharoit yaratmoqda.
“Ishonchim komil, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan yangi marralarga erishamiz. Donishmand yapon xalqi aytganidek, agar kuchlar birlashtirilsa, togʻlarni ham oʻz oʻrnidan siljitish mumkin”, dedi Oʻzbekiston yetakchisi.
Prezidentimiz tomonidan sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta oʻtkazish taklif qilindi. Navbatdagi shunday uchrashuvlardan birini Oʻzbekistonda qabul qilishga tayyorlik bildirildi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari Oʻzbekiston “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqib, hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga koʻmaklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish boʻyicha aniq dastur va loyihalarni kiritish tarafdori ekanligini qayd etdi.
Yangi gʻoya va takliflarni ishlab chiqish, hamkorlikning keng koʻlamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini taʼsis etish muhimligi taʼkidlandi. Forumning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda oʻtkazish taklif qilindi.
Oʻzbekiston yetakchisi Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirishini olqishladi.
“Ishonaman, Markaziy Osiyoning boy tabiiy va kadrlar resurslarini Yaponiyaning sanoat va texnologik salohiyati bilan birlashtirib, bir-birimizni toʻldirish va kuchaytirish boʻyicha samaraga erisha olamiz”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning infratuzilmasi va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamgʻarmasini taʼsis etish taklif qilindi. Uning negizida “Sifatli infratuzilma” boʻyicha dastur hamda Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmogʻi – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini ishga tushirish mumkin.
Bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy oʻsish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib borayotganidan kelib chiqib, davlatimiz rahbari “Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sunʼiy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida koʻp tomonlama hamkorlik platformasini yaratish muhimligini qayd etdi.
Tezyurar poyezdlar va avtomobil yoʻllarini barpo etish, transport yoʻlaklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlari koʻmagini jalb etishdan manfaatdorlik bildirildi.
“Yashil” energetika sohasidagi hamkorlik doirasida kogeneratsiya texnologiyalarini joriy etish, yoʻqotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish boʻyicha birgalikda loyihalarni amalga oshirish muhimligi taʼkidlandi. Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Davlatimiz rahbari ekologiya sohasida Markaziy Osiyoda havo sifatini yaxshilash boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish, Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish yuzasidan qoʻshma harakatlar dasturini qabul qilish hamda Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etdi.
Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, mintaqada seysmik barqarorlikni baholash va oshirish boʻyicha qoʻshma dasturni ishga tushirish, Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari boʻyicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochish taklif qilindi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatida taʼlim vazirlarining birinchi yigʻilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini oʻtkazish, yoshlar hamjamiyatlari oʻrtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturini qabul qilish boʻyicha rejalar taqdim etildi.
Afgʻon xalqini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻp yillardan buyon yetakchi donor va sherik mamlakatlar qatorida boʻlib kelayotgan Yaponiyaning izchil pozitsiyasi yuksak baholandi.
Oʻzbekiston Prezidenti soʻzining yakunida kun tartibidagi barcha masalalar boʻyicha qarorlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Sammitda boshqa yetakchilar ham nutq soʻzladilar. Tadbir yakunida Tokio deklaratsiyasi qabul qilindi.
Jamiyat
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
110021
Jamiyat
94299
Jamiyat
90160
Jamiyat
73458
Jamiyat
//
Izoh yo‘q