Tadbirkorlikka oid 1 600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilinadi

Saqlash
10:34 / 17.12.2025 239 0

O‘zbekiston qonunchiligidagi tadbirkorlikka oid 1 600 ta majburiy talablar bekor qilinmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

 

Vazirlar Mahkamasining 15-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarorida qator talablar bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

 

Ta’kidlanishicha, bunday katta hajmdagi cheklovlarning bekor qilinishi ilk bor amalga oshirilmoqda.

 

Xususan, hukumat qarori bilan veterinariya xizmati nazorati ostidagi 1568 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha mahsulotga muvofiqlik sertifikati olish, shuningdek, turizm xizmatlarini ko‘rsatishda mazkur faoliyatga xos bo‘lmagan hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun faoliyat turini amalga oshirishda ayrim ortiqcha cheklovlar bilan bog‘liq jami 1600 dan ortiq majburiy talablar bekor qilinmoqda.

 

Shu bilan birga, yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatidagi importni amalga oshirishda tovar qiymatiga qo‘yilgan 5000 dollarlik cheklov, turistlarga uy-joyni 30 kungacha ijaraga berish, yog‘ochdan mebel tayyorlashga doir talablar bekor qilindi.

 

“Buning natijasida, tadbirkorlarga ma’muriy organlar bilan munosabatga kirishishda ortiqcha byurokratik to‘siqlar kamayishiga va ularning xarajatlari, vaqti va resursi tejalishiga erishiladi”, — deyiladi xabarda.

 

Aytilishicha, bugungi kunda Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga 36 mingdan ortiq majburiy talablar kiritilgan bo‘lib, Adliya vazirligi tomonidan sohalar kesimida doimiy ravishda tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//