Ayrim tadbirkorlar uchun ajratiladigan kredit 2 baravarga oshiriladi

Saqlash
23:43 / 14.01.2022 1186 0

Jizzax viloyatida tashkil etilgan baliqchilik klasterining aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tajribasi har bir viloyatda joriy etiladi.

 

Bunda:

 

baliqchilik xoʻjaliklari xonadon egalarini baliq yetishtirish boʻyicha oʻqitishni tashkil etadi, ularga baliq yetishtirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar, baliq chavoqlari, omixta yem, mineral oʻgʻitlarni yetkazib beradi hamda ular tomonidan yetishtirilgan baliqni kelishilgan narxlarda sotib oladi;

 

xonadon egalari oʻz xonadonlarida intensiv usulda yetishtirilgan baliqlarni kelishilgan narxlarda ularga sotadi.

 

2022-yil 1-fevraldan fuqarolar oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida oʻz xonadonida baliq yetishtirishni yoʻlga qoʻyishi mumkin.

 

2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha baliqchilikni intensivlashtirish uchun zarur boʻlgan asbob-uskunalar va texnologiyalar (aerator, basseyn, avtokormushka, UZV) hamda qayta ishlash uskunalarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan, biroq daromadining 80 foizidan ortigʻini ushbu uskunalarni ishlab chiqarishdan oladigan subyektlar uchun foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.

 

Baliq yetishtiruvchi xonadon egalariga yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkasi 50 foiz miqdorida belgilanadi.

 

2022-yilda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda jami 700 ming tonna baliq yetishtiriladi.

 

2022-yil 15-yanvardan “Har bir oila – tadbirkor” davlat dasturi doirasida xonadonlarda baliq yetishtirish uchun ajratiladigan kredit BHMning 150 baravaridan 300 baravarigacha oshiriladi.

 

Shuningdek, intensiv usulda xonadonlarda baliq yetishtirish loyihalarini moliyalashtirishga 200 milliard soʻm mablagʻ ajratiladi.

 

2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha jismoniy shaxslarning aholi xonadonlarida baliq yetishtirish yoʻnalishi boʻyicha oʻquv kurslarida oʻqish xarajatlarini qoplash uchun BHMning 2 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratiladi.

 

Qarorga koʻra, oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar ixtisosliklari roʻyxatiga “baliqchilik” ixtisosligi kiritiladi.

 

2022-yildan Toshkent davlat agrar universiteti va Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti doktorantura bosqichlariga “Baliqchilik” ixtisosligi boʻyicha har yili 2 tadan oʻrin ajratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//