Taniqli jurnalist xotirasiga bagʻishlangan kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi

Saqlash
15:14 / 13.01.2022 1120 0

Oʻzbekiston milliy matbuot markazida adabiyotshunos olim, Oʻzbekiston yozuvchilar, jurnalistlar ijodiy uyushmalari aʼzosi, “Oltin qalam” mukofoti sovrindori Saydi Umirov xotirasiga bagʻishlangan “Saydi Umirov zamondoshlari xotirasida” nomli kitob taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

Tadbirda soʻzga chiqqan professor olimlar, fan nomzodlari, dotsentlar hamda shoir va yozuvchilar Saydi Umirov hayotiy, ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyati haqida gapirib oʻtishdi.

 

– Saydi Umirov bilan oʻtgan har bir kunda nimadir oʻrganardim, – deydi Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti, jurnalistika fakulteti dekani Amrullo Karimov. – Jurnalistika nazariyasini talabalarga oʻrgatish bilan birga, amaliyotda ham ilgʻor, koʻrganlaridan dur va samimiyat qidiradigan inson, taniqli publitsist, yetuk olim, qator ilmiy va publitsistik maqolalar muallifi, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov bizga doim namuna edi. Gap qaysi mavzuda ketmasin, domladan mavzuga daxldor misol istalgancha bor. Taʼbir joiz boʻlsa, ustozni “tirik ensiklopediya” deb taʼriflash mumkin edi. Saydi Umirov har narsadan ezgulik qidiradigan, har qanday oʻzgarishni samimiyat bilan qarshi oladigan dilkash inson edi.

 

Anjumanda “Saydi Umirov zamondoshlari xotirasida” kitobi haqida ham mulohazalar bildirilib, uning mutolaasi har bir jurnalistga katta saboq berishi mumkinligi taʼkidlandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//