Insoniyat qachondan gapirishni boshlagan?

Saqlash
17:54 / 04.05.2026 79 0

Insoniyat qachondan murakkab gaplar tuzib, bir-biri bilan muloqot qila boshlagan? Bu savol ochiq qolayotgan edi. Ammo uzoq urinishlardan so‘ng olimlar buni aniqlashga muvaffaq bo‘lishdi.

 

Insoniyat genomini to‘liq o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan yangi tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, inson nutqining shakllanishi biz o‘ylagandan ko‘ra ancha uzoqqa borib taqaladi. Aniqroq aytilsa, bundan 135 000 yil oldingi davrga. Biroq ajdodlarimiz nutqdan doimiy ravishda foydalanishni taxminan 100 000 yil avval boshlagan.

 

Yakuniy xulosa so‘nggi 18 yil davomida o‘tkazilgan genetik tadqiqotlarning metatahliliga asoslangan bo‘lib, ular irsiy Y-xromosomalar, mitoxondrial DNK va to‘liq genom sekvenirlash ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi. 

 

Massachusets texnologiya instituti professori, tadqiqot mualliflaridan biri Shigeru Miyagavaning aytishicha, genetik ma’lumotlarning ko‘pligi va sifati biologik evolyutsiyamiz o‘tmishi haqida ishonchli xulosalar chiqarish imkonini beradi.

 

Ta’kidlanishicha, bizning turimiz — Homo sapiens taxminan 230 000 yoshda. 

 

Til qachon paydo bo‘lganligi haqidagi taxminlar esa bir-biridan keskin farq qiladi. 

 

Yangi tadqiqot mualliflari, oldingilaridan holi ravishda, boshqacha yondashuvdan foydalangan. Ularning fikricha, barcha inson tillari umumiy kelib chiqishga ega. Asosiy masala — odamlar guruhlari qachondan dunyo bo‘ylab tarqala boshlaganidir. Ya’ni til hamma mintaqalardagi barcha odamlarda mavjud bo‘lgan bo‘lsa, demak, u o‘sha dastlabki “ibtidoiy jamoa”da yuzaga kelgan. Bundan kelib chiqadiki, guruhlar ajralib, mintaqalarga tarqala boshlaganda o‘zlari bilan birga shakllangan tilni ham “olib ketishgan”. 

 

Tadqiqot ma’lumotlari odamlarning dastlabki mintaqaviy bo‘linishi taxminan 135 000 yil avval sodir bo‘lganini ko‘rsatmoqda. Olimlar nutq qobiliyati uchun mas’ul bo‘lgan genetik o‘zgarishlar aynan shu davrda “portlash” yasagan degan fikrda. Misol uchun, aynan shu vaqtda inson miyasi va tomoq tuzilishida jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan. Natijada odamzodda shunchaki baqirish yoki oddiy tovushlar chiqarish emas, balki grammatikani, murakkab tushunchalarni tushunish va yetkazish qobiliyati shakllangan.

 

Tadqiqotda arxeologik topilmalar ham inobatga olingan. Taxminan 100 000 yil avval insoniyatda ramziy faoliyat (buyumlarga turli belgilar chizish, bo‘yoqlardan foydalanish) paydo bo‘lgan. Bu ham miyaning murakkab axborotni qabul qilishga tayyor bo‘lganini va nutqning keng qo‘llanilganini tasdiqlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//