
Ilm-fan
7-oktyabr kuni Innovatsion rivojlanish agentligida “InnoWeek-2025” — innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligi oldidan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Innovatsion rivojlanish agentligining axborot xizmati rahbari Muqaddas Fayazova, Agentlik direktorining maslahatchilari Fazilat Qodirova va Umidjon Shukurov 9-11-oktyabr kunlari CAEx majmuasida “InnoWeek-2025 — Chegarasiz gʻoyalar” shiori ostida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi innovatsion koʻrgazma tadbirlarida kutilayotgan loyihalar va ularning mohiyati haqida axborot berdi.
Qayd etilishicha, 9-oktyabr kuni soat 10:00 da Xalqaro ko‘rgazmalar markazida “InnoWeek–2025” VIII Innovatsion g‘oyalar xalqaro haftaligining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi hukumati a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari vakillari, yirik ilmiy markazlar olimlari, texnologik soha ekspertlari, startap ekotizim ishtirokchilari, yosh innovatorlar va ixtirochilar qatnashishi rejalashtirilgan.
Fazilat Qodirova bergan ma’lumotlarga koʻra, anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan ushbu haftalik ilk bor 2018-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-apreldagi “Innovatsion gʻoyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻtkazilib, yildan yilga qamrovi ortib bormoqda.
15 ming kv/m dan ortiq maydonda tashkil etiladigan ushbu koʻrgazmada yirik mahalliy va xalqaro kompaniyalar, oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari, venchur fondlar, moliya tashkilotlari, xalqaro ma’lumotlar bazalarining 15 mingdan ortiq vakillari ishtirok etib, 400 ga yaqin innovatsion loyiha va startaplar joy oladi. Agentlik mas’ulining ta’kidlashicha, haftalik doirasida avvallari faqat milliy mahsulotlar taqdim qilingan boʻlsa, soʻngi yillarda global darajadagi mahsulotlar namoyishi uchun xalqaro hamkorliklar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy haftalikda Xitoy, Koreya, Yaponiya, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Germaniya, Vengriya va Qozog‘iston kabi davlatlarning innovatsion kompaniyalari va texnologik markazlari ham o‘z ilg‘or mahsulot va texnologiyalarini taqdim etadi.
“InnoWeek–2025” nafaqat texnologik yangiliklarni namoyish etish, balki xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va innovatsion ekotizimni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muloqot maydoniga aylanadi.
Xitoy, Malayziya, Singapur, Yaponiya, Koreya, Vengriya, Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Shvetsiya, Hindiston, Eron, Quvayt, Belarus, Armaniston, Gruziya, Tojikiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Togo (Afrika) kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan jami 130 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etadi. Eron Islom Respublikasining fan, texnologiyalar va innovatsion iqtisodiyot boʻyicha vitse-prezidenti oʻrinbosari Turaj Amrae boshchiligida ushbu mamlakatning 20 dan ortiq kompaniyalari vakillari, Germaniya tadqiqotlar, texnologiyalar va kosmos bo‘yicha federal vazirligi boshchiligida 15 ga yaqin oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasa hamda kompaniyalari vakillari o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etadi.
Bundan tashqari, Gruziyaning taʼlim, fan va yoshlar vaziri Givi Mikanadze, Qirgʻiziston fan, oliy taʼlim va innovatsiyalar vaziri oʻrinbosari Aybek Chotonovlarning ham haftalikka tashriflari kutilmoqda.
Haftalik doirasida ishtirokchilar uchun ilm-fan, texnologiya va innovatsiyalar sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirish, shuningdek, xalqaro tajriba almashish imkoniyatini beruvchi 30 dan ortiq ilmiy-amaliy tadbirlar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, 18 ta xalqaro darajadagi forum, konferensiya va seminarlar shuningdek, 11 ta mahalliy miqyosdagi mutaxassislar uchrashuvi va taqdimotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mazkur tadbirlar innovatsion ekotizim vakillari, olimlar, yosh tadqiqotchilar, startapchilar va sohaga qiziquvchilar uchun dolzarb mavzularni muhokama qilish, eng so‘nggi ilmiy yangiliklar bilan tanishish hamda xalqaro ekspertlar bilan bevosita muloqotda bo‘lish uchun noyob imkoniyat yaratadi. “InnoWeek–2025” nafaqat innovatsion mahsulotlar ko‘rgazmasi, balki kelajak texnologiyalarini shakllantirishga xizmat qiluvchi muloqot va bilim almashinuvi platformasi sifatida maydonga chiqmoqda.
“InnoWeek–2025” Innovatsion gʻoyalar xalqaro haftaligi doirasida an’anaviy IV O‘zbekiston ilm-fan forumi tashkil etiladi. Mazkur forumda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, ilmiy jamoatchilik vakillari – professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, yosh olimlar va talaba-yoshlar ishtirok etadi. Forumning asosiy maqsadi — ilmiy-innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish hamda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar va strategik rejalarni muhokama qilishdan iborat. Tadbir doirasida Oliy ta’limdan keyingi ta’lim faoliyatini muvofiqlashtirish, Ilmiy-tadqiqot ishlarini xalqaro hamkorlik asosida rivojlantirish yo‘llari, Oliy ta’lim tizimida zamonaviy va innovatsion metodlarni joriy etish, Yoshlarning ilm-fan sohasidagi faolligini oshirish va ularni rag‘batlantirish mexanizmlari kabi muhim masalalar yuzasidan fikr almashiladi. IV O‘zbekiston ilm-fan forumi bugungi kunda respublikada shakllanayotgan zamonaviy ilmiy ekotizimni kuchaytirish, yoshlarni fan va innovatsiyaga keng jalb etish, hamda global ilmiy maydondagi ishtirokini mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim muloqot maydoniga aylanadi.
Bugungi global iqtisodiy o‘zgarishlar sharoitida innovatsion mahsulot va xizmatlarni bozorga olib kirish, yangi ixtiro va ishlanmalarni xaridorlarga to‘g‘ri yetkazish muhim masalalardan sanaladi. Bu borada ilmiy doira vakillariga, startapchilarga, yosh olim va ixtirochilarga innovatsion mahsulotlarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni iste’molchilarga tanitish, xalqaro bozorlar uchun marketing strategiyalarini ishlab chiqish yuzasidan ko‘mak ko‘rsatish maqsadida “Innovatsiyalarda marketing” mavzusida konferensiya tashkil etiladi. Unda O‘zbekiston marketing uyushmasining tajribali ekspertlari ishtirok etadilar. Panel sessiya orqali mahsulotlarni samarali reklama qilish va brend yaratish jarayonlariga ta’sir qiladigan asosiy omillar, innovatsion mahsulotlarni bozorga olib kirish jarayonlarini takomillashtirish va qo‘llab-quvvatlash orqali marketing sohasidagi yangi imkoniyatlarni muhokama qilish, shuningdek, innovatsiyalarni yanada samarali rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsad qilingan.
Haftalik doirasida tashkil etiladigan “Ilmiy kommunikatsiyalar bo‘yicha Xalqaro konferensiya” haftalikning asosiy tadbirlaridan biri sanaladi. Mazkur tadbirda yetakchi ekspertlar, olimlar, davlat idoralari va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etib, ilmiy asoslangan innovatsion ekotizimni shakllantirishda ilmiy muloqotning hal qiluvchi ahamiyatini muhokama qiladi. Konferensiyada Xalqaro ilm-fan kengashi Prezidenti, Yangi Zelandiyalik taniqli olim Sir Peter Glyukman ham ishtirok etadi.
Shu tariqa, koʻrgazmalarda ilgari surilayotgan tashabbuslar nafaqat milliy innovatsion ekotizimni rivojlantirishga, balki global innovatsion jarayonlarga faol integratsiyalashuvga ham xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
Anjuman ilm-fan va texnologiyalar sohasida muloqotni samarali yo‘lga qo‘yish va boshqarish bo‘yicha milliy va xalqaro tajribalarni o‘zaro almashish uchun noyob imkoniyat yaratishi ta'kidlandi. Muhokamalarda ilm-fan va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni kuchaytirish, tadqiqot natijalarining ishonchliligini oshirish, samarali ilmiy muloqot amaliyotini milliy innovatsion tizimga integratsiyalash masalalariga ham alohida to‘xtab o‘tiladi.
Agentlik axborot xizmati rahbari Muqaddas Fayazova ta'kidlashicha, haftalik bo‘lib o‘tadigan sanalarda CAEx majmuasiga bepul transportlar harakati yo‘lga qo‘yiladi.
Ilm-fan
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Iqtisod
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q