O‘zbekistonlik paraatletlar Nyu-Dehlidagi jahon chempionatini 12 medal bilan yakunladi

Saqlash
10:16 / 07.10.2025 56 0

Hindistonning Nyu-Dehli shahrida parayengil atletika bo‘yicha jahon chempionati yakunlandi. Milliy paralimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi 12 ta medal — beshta oltin, beshta kumush va ikkita bronza medalini qo‘lga kiritgan.

 

Ushbu turnirda 109 davlatdan 1400 ga yaqin sportchi ishtirok etdi. 35 nafar sportchidan iborat milliy terma jamoa medallar jamg‘armasida umumiy hisobda 14-o‘rinni egalladi.

 

Birinchi o‘rin Braziliyaga nasib etdi (44), ikkinchi — Xitoy (52), uchinchi — Eron (16).

 

Ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish bo‘yicha (F46 toifasi) 20 yoshli Karomat Omonova 13,07 metrga uloqtirib, oltin medalni qo‘lga kiritdi va Osiyo rekordini o‘rnatdi. Xolli Robinson (Yangi Zelandiya, 12,86 m — Okeaniya rekordi) kumush, Keti Pegg (Kanada, 12,76 m) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

 

Jasur Xo‘jayev O‘zbekiston hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim etdi. Yadro uloqtirish bo‘yicha final bahsida (F32 toifasi) u 9,96 m natijasini ko‘rsatib, gretsiyalik Atanasios Konstantinidis (9,65 m) va jazoirlik Muhammad Najibni (9,56 m) ortda qoldirdi.

 

Ayollar o‘rtasida uzunlikka sakrashda (T12 toifa) Yoqutxon Xolbekova 5,54 m natija bilan oltin medalni qo‘lga kiritdi. Lida Lounela (Finlyandiya, 5,28 m) kumush, Linda Hamri (Jazoir, 5,16 m) bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

 

T12 klassida 400 metrga yugurish bo‘yicha final bahslarida qatnashgan Faxriddin Xamrayev 50,11 soniya natija bilan ikkinchi bo‘ldi. Biroq birinchi natijani qayd etgan marokashlik Mahdi Afri musobaqa qoidalarini buzgani uchun diskvalifikatsiya qilindi. Shu tariqa oltin medal o‘zbekistonlikka nasib etdi.

 

Yigirma to‘qqiz yoshli Temurbek Giyazov T64 bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi balandlikka sakrash bahslarida 2,03 metr masofa bilan jahon chempionatining oltin medalini qo‘lga kiritdi. Kumush 2,00 metr natija bilan Jonatan Brum Edvardsga (Buyuk Britaniya), bronza medali esa 2,00 metr bilan Pravin Kumarga (Hindiston) nasib etdi.

 

F41 toifasidagi ayollar o‘rtasida yadro uloqtirish bahslarida Kubaro Hakimova 10,17 m natija ko‘rsatib, vitse-chempion (kumush medal sohibi) bo‘ldi.

 

Nayza uloqtirish bo‘yicha ayollar o‘rtasida (F46 toifasi) 2024 yilgi Parij Paralimpiya o‘yinlari medali sovrindori 16 yoshli Shahina Yigitaliyeva kumush medalni qo‘lga kiritdi. U 41,97 m natijasini ko‘rsatdi, bu uning mavsumdagi eng yaxshi ko‘rsatkichi bo‘ldi.

 

Erkaklar o‘rtasida nayza uloqtirish bo‘yicha (F57 toifa) Yorqinbek Odilov kumush medalni qo‘lga kiritdi. 25 yoshli sportchi shaxsiy rekordini yangiladi (52,06 m) va vitse-chempion bo‘ldi.

 

Yadro uloqtirishda (erkaklar, F41 toifasi) 24 yoshli Bobur Omonov 12,36 m natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi.

 

Madina Muxtorova ayollar o‘rtasida F40 yadro uloqtirish bahslarida 8,99 m masofa bilan Osiyo rekordini o‘rnatdi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.

 

Yadro uloqtirishda (erkaklar, F37 toifasi) «Parij-2024» Paralimpiya o‘yinlari g‘olibi va sovrindori Tolibboy Yo‘ldoshev 15,86 m natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritdi.

 

Disk uloqtirish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi F41 klassida Navro‘za Axmatova 28,83 m natijani qayd etib, Osiyo rekordini o‘rnatdi va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//