Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi

Saqlash
18:45 / 30.09.2025 39 0

Shavkat Mirziyoyev 1-oktyabr Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan soha hodimlariga tabrik yoʻlladi. Quyida tabrik matni toʻliq keltiriladi:

Qadrli doʻstlar!

Siz, azizlarni, hayotini dunyodagi eng ulugʻ va olijanob ishga – navqiron avlod taʼlim-tarbiyasiga bagʻishlagan muhtaram ustoz va murabbiylar, sohaning barcha jonkuyar xodimlarini umumxalq bayrami – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.

Mana shunday quvonchli kunda siz, mehribon ustozlarga el-yurtimizning yuksak hurmat-ehtiromini yana bir bor izhor etib, barchangizga Yangi Oʻzbekiston kelajagini yaratish yoʻlidagi mashaqqatli va sharafli mehnatingiz uchun chin qalbdan tashakkur bildiraman.

Hurmatli ustoz va murabbiylar!

Yaqinda sizlar bilan boʻlib oʻtgan ochiq, aytish mumkinki, tarixiy muloqotimizda taʼlim-tarbiya tizimidagi ishlarimizni chuqur tahlil qilib, ularni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha aniq maqsad va rejalarni belgilab oldik.

Kuni kecha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida taʼlim sohasidagi islohotlarimiz natijalari jahon hamjamiyatida katta eʼtibor va qiziqish uygʻotdi. Bu borada biz erishgan yutuqlar xalqaro ahamiyatga ega boʻlgan yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun asos boʻldi.

Xususan, keyingi sakkiz yilda yurtimizda taʼlim va ilm-fan uchun xarajatlar 6 karra oshirilib, 378 trillion soʻmni tashkil etgani, yuzlab yangi bogʻchalar, maktab, texnikum va oliygohlar qurilgani, taʼlim va ilm dargohlarini zamon talablari asosida jihozlash, ustoz va murabbiylarning mehnatini munosib qadrlashga qaratilgan dasturlarimiz alohida eʼtirof etildi.

Bu haqda gapirganda, mamlakatimizda qisqa muddatda bogʻchalar sonini 5200 dan 38 mingtaga, qamrov darajasini 27 foizdan 78 foizga oshirganimiz, tarbiyachilar maoshi maktab oʻqituvchilari oyligiga tenglashtirilgani, ushbu muassasalardagi rahbar va pedagoglar maoshi qariyb 2 barobar oshirilganini taʼkidlash lozim.

Kelgusi yildan Qoraqalpogʻiston va barcha viloyatlarda Prezident maktablari kabi “Yangi avlod” bogʻchalari tashkil etilib, ularda tarbiyachilar ilgʻor pedagogik texnologiyalarni oʻrganadi.

Farzandlarimizga bilim va tarbiya berishning eng muhim bosqichi – maktab taʼlimini rivojlantirish doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda. Soʻnggi yillarda 500 ga yaqin yangi maktablar barpo etilib, mavjudlari kengaytirilgani hisobidan 1 million oʻquvchi oʻrni yaratildi. Xususiy maktablarga yoʻl ochilishi tufayli ota-onalar va oʻquvchilar uchun tanlash imkoniyati paydo boʻldi. Bugungi kunda 200 mingdan ziyod oʻgʻil-qizlarimiz ana shunday maktablarda oʻqimoqda.

Yangi oʻquv yilidan 12-yillik maktab taʼlimi hamda 9- va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlari joriy qilinib, ularning natijalari boʻyicha bitiruvchilar bevosita texnikum va oliygohlarga kira oladigan tartib yoʻlga qoʻyiladi.

Hammamizga ayonki, kelajak – zamonaviy bilim bilan qurollangan kasb-hunar egalarinikidir. Biz bu haqiqatni hech qachon unutmasligimiz lozim. Shu bois yoshlarimizni davr bilan hamnafas boʻlib, har qanday raqobatga bardosh bera oladigan yetuk mutaxassislar etib tarbiyalashimiz kerak.

Shu maqsadda tashkil etilayotgan Kasbiy taʼlim agentligidan umidimiz katta. Ushbu agentlik kasb taʼlimi sohasiga, mavjud texnikumlarga xalqaro standartlar asosida yangi hayot nafasini olib kirishi zarur.

Bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi rivojlangan mamlakatlarning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, ularning ilgʻor oʻquv dasturlari joriy etiladi. Jumladan, Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan hududlardagi 14 ta texnikumda “BITEK” xalqaro dasturi orqali yoshlar turizm, axborot texnologiyalari, tibbiyot, qurilish, logistika, elektrotexnika, energetika, mashinasozlik, biotexnologiya, kreativ iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarda talab yuqori boʻlgan kasblarni egallaydi.

Mamlakatimizda dual taʼlim bilan qamrov 5 barobar oshiriladi. Ayni paytda yangi texnologiyalarni oʻzlashtirish, chet ellik investor va hamkorlar bilan erkin muloqot qilish uchun texnikumlardagi xorijiy til soatlari toʻrt karra koʻpaytiriladi.

Umuman, kelgusi yildan yangi, raqamli ochiq platforma ishga tushirilib, unda texnikum bitiruvchilarining kasbiy koʻnikmalari haqidagi maʼlumotlar mahalliy va xorijiy ish beruvchilar uchun eʼlon qilinadi.

Shu bilan birga, umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida maktab maslahatchisi lavozimi joriy etilib, ular 7-sinfdan boshlab oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish bilan shugʻullanadi.

Barchangizga maʼlumki, biz keyingi yillarda oliy taʼlim masalasiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Amalga oshirilgan islohotlarimiz natijasida oʻtgan sakkiz yil ichida oliygohlarimiz soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni esa 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. Yoshlar uchun oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati koʻpaytirildi. Mazkur taʼlim muassasalarida dars beradigan oʻqituvchilarning oyligi sezilarli darajada oshirildi.

Fanning muayyan sohasida tadqiqotlar olib borib, aniq natijaga erishayotgan olimlarimizning asosiy qismini professor-oʻqituvchilar tashkil etayotgani ayniqsa eʼtiborlidir.

Qadrli doʻstlar!

Biz oʻqituvchi va ustozlik kasbining maqomi va nufuzini oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaramoqdamiz. Shu bois soha xodimlarining mehnat va yashash sharoitini yaxshilash islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishi boʻlib qoladi. Jumladan, yangi yildan boshlab kamida 15-yil stajga ega boʻlgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlangʻich badalining 25 foizi qoplab beriladi.

Kelgusi oʻquv yilida davlat oliygohlariga oʻqishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma joriy etilishi moʻljallanmoqda. Oʻqituvchilarning zamonaviy kompyuter texnikalarini xarid qilishlari uchun 10 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi. Yangi yildan soha xodimlari uchun davlat xizmatlari toʻlovi ikki karra kamaytiriladi. Dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga oʻqishga kirgan boʻlgʻusi pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli taʼlim krediti ajratiladi.

Muxtasar aytganda, oʻqituvchi va murabbiylik kasbini jamiyatimizdagi eng muhim va obroʻli kasbga aylantirish boʻyicha boshlagan ishlarimiz izchil davom ettiriladi.

Muhtaram ustozlar, aziz murabbiylar!

Yurtimiz tarixidagi ikki buyuk Renessansni yaratgan ulugʻ mutafakkir va allomalarni ham oʻz vaqtida siz kabi oʻqituvchi va muallimlar tarbiyalab voyaga yetkazgan. Bu ezgu anʼanalarning davomchilari sifatida siz, azizlar ham bugun jonajon Vatanimizda barpo etilayotgan Uchinchi Renessans bunyodkorlarini kamol toptirishga munosib hissa qoʻshasizlar, deb ishonaman.

Ana shunday olijanob maqsad yoʻlida sizlarga mustahkam sogʻliq, kuch-gʻayrat, yangi yutuqlar va oilaviy baxt tilayman.

Barchangizga hamisha el-yurtimiz, shogirdlaringizning hurmat va ardogʻida boʻlish nasib etsin!

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//