Akademik Ahmadali Asqarov “Buyuk xizmatlari uchun ordeni” bilan mukofotlandi

Saqlash
16:38 / 24.09.2025 57 0

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra, Toshkent davlat pedagogika universiteti professori, akademik Ahmadali Asqarov ”Buyuk xizmatlari uchun ordeni” bilan mukofotlandi.

 

Ahmadali Asqarov — arxeolog-tarixchi olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tarix fanlari doktori, professor — Toshkent davlat pedagogika institutini tugatgan, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeologiya instituti direktori, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Tarix institutining direktori, Akademiyaning tarix, tilshunoslik va adabiyotshunoslik bo‘limining akademik-kotibi, raisi, O‘zbekiston Respublikasi xalq deputati lavozimlarida ishlagan.

 

Asosiy ilmiy ishlari O‘rta Osiyoda saqlanib qolgan moddiy-madaniyat yodgorliklarini ochish va ularda arxeologik tadqiqotlar o‘tkazish yo‘li bilan O‘zbekiston tarixini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ahmadali Asqarov bronza va ilk temir davri qadimgi dehqonchilik va chorvachilik madaniyatlari, O‘zbekiston hududida ilk shaharsozlik madaniyati va o‘zbek xalqi davlatchiligining ilk bosqichlari, o‘zbek xalqi etnogenezi va etnik tarixi kabi masalalar olimning ilmiy yo‘nalishi hisoblanadi.

 

U birinchi o‘zbek arxeologi akademik Y.G‘.G‘ulomov arxeologik ilmiy maktabining izchil davomchisi. “Bronza davrida quyi Zarafshon madaniyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini, “Janubiy O‘zbekiston bronza davrida (Qadimgi Sharq taraddudining mahalliy o‘chog‘ining tashkil topishiga doir)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Ahmadali Asqarov 450 dan ziyod ilmiy ishlar (shularning 50 dan ortig‘i chet tillarida), 16 monografiya, 1 ta darslik, 8 ta o‘quv-metodik qo‘llanma muallifi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//