Mafkuraviy tahdiddan himoyalanish emas, hujumga o‘tish kerak

Saqlash
14:24 / 11.09.2025 70 0

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan “Mafkuraviy tahdidlarning ma’naviy jarayonlar rivojiga ta’siri va uni oldini olish mexanizmlari” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

 

 

Mazkur ilmiy-amaliy anjuman jamiyatdagi ma’naviy muhitni tahlil qilish, zamonaviy targ‘ibot texnologiyalari va ma’naviyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlarning holati hamda samaradorligini baholash, shuningdek, ularning yechimlarini ishlab chiqishga qaratildi. 

 

Anjumanda jamiyat birdamligini ta’minlovchi omillar, xalqparvar davlat barpo etishda ijtimoiy faol fuqarolikning o‘rnini mustahkamlash, taraqqiyotga olib boruvchi ustuvor qadriyatlarni aholi ongiga singdirish va ma’naviy muhitni barqarorlashtirish kabi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy muhokamalar o‘tkazildi.

 

 

Konferensiyada so‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan qo‘yilgan muammolar va taklif etilgan yechimlar, ijtimoiy-ma’naviy muhit hamda targ‘ibot texnologiyalari bo‘yicha tajriba almashinuvlar, nazariy xulosalar bilan amaliyotni uyg‘unlashtirishga qaratilgan tashabbuslar mamlakatimizda ma’naviy muhitni yanada yaxshilash va ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

 


  
Botu Alimov, Respublika Ma’naviyat va markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari:

 

– Bugun mafkuralar xilma-xilligi davrida nima tahdid-u, nima tahdid emasligini biz qanday qilib aniqlaymiz? Bundan 50 yil avval biror hududga mafkuraviy tahdidlarni kirib kelmasligi uchun chegara yopilardi, gazeta kirmasdi. Hozirgi globallashuv sharoitida internet orqali turli tahdidlar kirib kelmoqda. Demak, mafkuraviy tahdidning asosiy maydoni sifatida axborot maydoni deb ayta olamiz.

 

Achinarlisi, mafkuraviy tahdidlar haqida ochiq ma’lumotlar bazasida ilmiy ishlar juda kam. Ma’lumki, bu sohadagi tadqiqotlar yopiq tarzda o‘tkazilgan. Mafkuraviy tahdid deganda 20 yil oldin boshqa narsa tushunilgan. Hozir esa umuman boshqa. Yangilangan konstitutsiyaning 12-moddasida “O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarni xilma-xilligi asosida rivojlanadi. Hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”, deb belgilgan. 

 

So‘nggi 3 yilda sun’iy intellekt juda rivojlandi. Turli sohalarga joriy qilina boshlandi. 5 yildan so‘ng sun’iy intellekt shu qadar rivojlanadi-ki real shaxsni generatsiya qiladi. Mana buni o‘zi yana bir katta tahdid. 

 

Internet, ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish holatlari kuchayib ketdi. Raqamlarga e’tibor bersak, 2019-yilda qayd etilgan kiberjinoyatlarning soni 860 ga yaqin, 2024-yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 58 mingni tashkil etadi, o‘sish 68 barobar.

 

Yuqoridagi misollar  bugun faqat nazariy emas, amaliy tadqiqotlarga o‘tish kerakligini yana bir bor namoyon etadi. 

 

 

Abduxalil Mavrulov, tarix fanlari doktori, professor:

 

– New York Times gazetasi bir eksprement o‘tkazgan. Unda takomillashishga moyil bo‘lgan sohalar hamda takomillashishga moyil bo‘lmagan sohalar tahlil qilingan. Takomillashishga moyil bo‘lmagan sohalar orasida ijod ahli, o‘qituvchilar, tarbiyachilar bor. Raqamli inqilobni o‘zimiz yaratyapmizmi, texnologiyani o‘zimiz ishlab chiqyapmizmi undan ortda qolmasligimiz kerak. Aslida, hammamiz tarbiyachi. Lekin bizning soha orqada qolayotganini ko‘rsatmoqda.

 

Rivojlanishimizga, to‘xtashimizga xalaqit qilayotgan omillarni sanab o‘tsam: 
Birinchisi, tafakkurdagi xafsalasizligimiz. “Meni o‘ylaydigan odam bor” degan tushunchaning ustun bo‘lishi.
Ikkinchisi, ma’naviy hayotdagi mudroqligimiz.
Uchinchisi, shaxsiy hayotni jamiyat ijtimoiy hayoti bilan uyg‘unlashtirishdagi no‘noqligimiz. Gyotening bir fikri bor: “Men odam edim, odam demak – kurashchi demak.” Bundan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, kurashchi nafs degan illatdan uzoq bo‘lishi kerak. Uning asoslanmagan faoliyati muvaffaqiyatsizlikka olib keladi.

 

Farhod Hojiyev, “O‘zbekiston 24” telekanali bosh muharriri:

 

 – Ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibotni yanada kuchaytirish, ommaviy axborot vositalarida milliy kontent ulushini oshirish bo‘yicha o‘z takliflarimni bildirib o‘tsam. O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”dagi qonun mukammal emas. Ziyolilar, olimlar takliflari asosida uni mukammallashtirishimiz kerak.

 

Davlat o‘z axborot makonini himoya qilish va boshqarish tizimini ishlab chiqish kerak. Bu oson kechmaydi.  Ba’zi mamlakatlarda bu tizim mavjud. OAV da axborot mahsulotlarini uzluksiz monitoringini va ilmiy tahlilini yo‘lga qo‘yish lozim. Shuningdek, “Ma’naviy xavfsizlik” fanini joriy etish, oliy ta’limda sifat masalasini tartibga soladigan tizim ishlab chiqilishi kerak. Biz mafkuraviy tahdiddan himoyalanish emas, hujumga o‘tadigan pallaga keldik.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//