Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevga tuya va bo‘taloq sovg‘a qildi

Saqlash
08:52 / 23.08.2025 49 0

Kecha, 22-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonda bo‘lganidan xabaringiz bor.

 

Mazkur amaliy tashrifning madaniy dasturi doirasida Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev birgalikda "Avaza" kongress markazi yonidagi maxsus maydonga tashrif buyurdi.

 

 

Oliy martabali mehmonlarga “Galkinish” milliy ot sportijamoasi axaltaka zotli tulporlarining chiqishlari namoyish etilgan.

 

 

Ma’lumot uchun, dunyoga mashhur “Galkinish” ot sporti guruhi bu yil Monte-Karloda bo‘lib o‘tgan 47-xalqaro sirk festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etib, oltin mukofotga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, Istanbulda bo‘lib o‘tgan Xalqaro etnosport festivalida ham muvaffaqiyatli ishtirok etgan edi.

 

Turkman xalqining milliy yetakchisi O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtirom ramzi sifatida davlatimiz rahbariga to‘kin-sochinlik va farovonlik ramzi bo‘lgan tuya va bo‘taloqni sovg‘a qilgan.

 

 

Eslatib o‘tish lozim, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar kecha yakunlangan. Jumladan, Kaspiy bo‘yidagi “Avaza” turizm zonasida Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muzokara o‘tkazgan.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uch tomonlama uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Yakunda Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hujjatlar imzolangan.

 

 

Tadbirlar yakunlangach, Turkmanboshi shahri aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev va boshqa rasmiy shaxslar kuzatib qo‘ydi.

 

 

Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//