“Yaqinda Antaliyadan qolishmaydigan yirik turistik majmuaga ega bo‘lamiz” – Aziz Abduhakimov

Saqlash
17:00 / 23.07.2025 79 0

Jizzax viloyatidagi Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi qirg‘og‘ida zamonaviy turistik klaster barpo etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Milliy bank (NBU) boshqaruvi raisi Alisher Mirsoatov ma’lum qildi.

 

29 gektar maydonni egallaydigan loyiha prezident Shavkat Mirziyoyevga Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida taqdim etildi.

 

Mirsoatovning so‘zlariga ko‘ra, hozir Aydarko‘lga (Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimidagi sun’iy suv ombori) dam oluvchilar tashkillanmagan holda o‘zlari keladi va bu yerda kuniga 2 mingga yaqin odam bo‘ladi. Loyihani ishlab chiqishda xorijiy, jumladan, Yevropa tajribasi o‘rganilgan. Shundan kelib chiqib, 5 gektar maydonda cho‘milish va quyoshda toblanish zonalari ko‘zda tutilgan.

 

“Bu yerda har xil soyabonlar, so‘rilar yoki ayvonchalar — dam olib o‘tiradigan joylar, yo‘laklar, kiyim almashtiradigan xonalar bo‘ladi. E’tibor berdikki, kelgan odamlar tanovul qilish, salqin ichimliklar ichish imkoniyati, xizmatdan hammasidan foydalanishi kerak”, — dedi Milliy bank rahbari.

 

Ko‘l sohilida shifobaxsh balchiqlar ham bo‘ladi. Mirsoatovning so‘zlariga ko‘ra, ular negizida 210 o‘ringa mo‘ljallangan yil davomida xizmat qiladigan sanatoriy barpo etiladi. Bundan tashqari, 110 o‘rinli (har bir xonada 2−4 kishi) kapsulali mehmonxonalar, shuningdek, 2−8 kishiga mo‘ljallangan yanada arzon xonalar rejalashtirilmoqda.

 

Shuningdek, sayyohlar uchun faol dam olish imkoniyati: transport vositalarida cho‘lda sayr qilish, karting, o‘yin maydonchalari, plyaj voleyboli va futbol mavjud bo‘ladi. Loyihaning umumiy qiymati 220 mlrd so‘mga (17,5 mln dollar) baholanmoqda. 29 gektarning 3 gektardan ortig‘i ko‘ngilochar va yordamchi infratuzilma uchun ajratilgan. Majmua qurib bitkazilgandan so‘ng bir vaqtning o‘zida 610 nafargacha dam oluvchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu yerda 200 dan ortiq ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

 

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov bu loyihaga Fors ko‘rfazi mamlakatlari investorlarining qiziqishi haqida ma’lum qildi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turizm qo‘mitasi delegatsiyasining yaqinda Fors ko‘rfazi mamlakatlariga tashrifi O‘zbekistonning sayyohlik yo‘nalishlariga xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Vazirning qayd etishicha, bu mamlakatlarda tog‘lar va qishki turizm yetishmaydi, bu esa O‘zbekistonni jozibador yo‘nalishga aylantiradi.

 

Abduhakimov, shuningdek, Jizzax viloyatida yana bir yo‘nalish — suv va plyaj turizmini rivojlantirish salohiyati borligini ta’kidladi.

 

“Yaxshi bilamiz, hozirgi kunda mahalliy aholimiz ko‘plab suv va plyaj turizmi uchun chet elga borishadi va juda ham katta miqdordagi valyuta mablag‘lari u yerda qoldirilyapti. Shundan kelib chiqib, hurmatli prezidentimizning topshiriqlari asosida O‘zbekistonda ham bir nechta mana shunaqa suv turizmi, plyaj turizmini rivojlantirish nuqtai nazaridan loyihalar amalga oshirilmoqda”, — dedi u.

 

“O‘ylashimcha, bu yer kamida yiliga 200 mingdan ortiqroq xorijiy turistlar va 1 millionga yaqin o‘zimizning mahalliy turistlar tashrif buyurishi imkoniyatiga ega”, — dedi u. Aziz Abduhakimov so‘zlariga ko‘ra, loyiha atrof-muhitga zarar yetkazmasdan barqaror va “yashil” turizm tamoyillariga amal qilgan holda amalga oshirilmoqda.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha, xalqaro suv va plyaj turizmi markazlari uchun xos bo‘lgan barcha asosiy xizmatlar yaratilayotgan klasterda mavjud bo‘ladi.

 

“Bir necha yildan keyin Antaliya qirg‘oqlarida yaratilgan plyaj turizmi maskanlari yoki Dubaydagi yoxud boshqa o‘sha dengiz bo‘yidagidan hech qolishmaydigan bir yirik turistik majmuaga ega bo‘lamiz”, — dedi vazir.

 

Шавкат Мирзиёев ва Азиз Абдуҳакимов. Фото: Президент матбуот хизмати.

 

 

азиз абдуҳакимов, айдар-арнасой кўллар тизими, айдаркул, алишер мирсоатов, жиззах вилояти, туризм

 

азиз абдуҳакимов, айдар-арнасой кўллар тизими, айдаркул, алишер мирсоатов, жиззах вилояти, туризм

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//