“Quvlayotganlar va qochayotganlar”, “Sholpanning gunohi”, “Matn va talqin” – “Jahon adabiyoti” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
15:54 / 18.07.2025 18 0

Hazrat Alisher Navoiyning  ilk devonlarida uchraydigan ayrim  mustazodlar keyingi devonlarda ayrim o‘zgarishlarga uchragan. Shoir umri davomida  ularni ham badiiy, ham shakl va mazmun jihatdan sayqallab, tahrir qilib borgan.  “Navoiy saboqlari” ruknida e’lon qilingan taniqli olim Nusratulla Jumaxo‘janing “Navoiy ilk lirikasi mustazodlari tadrijiy takomili” nomli maqolasida ulkan so‘z san’atkorining ayni masalasadagi izlanishlari tadqiq qilinadi. Maqola bilan “Jahon adabiyoti” jurnalining 2025-yil 6-sonida tanishing.

 

Amerikalik dramaturg va rejissyor Vudi Allen XX asr kino va teatr san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkor sanaladi. U insonni o‘ziga xos tarzda talqin qiladi. Adib asarlarida  har bir odam o‘z taqdirining egasi, uning ibtidosi ham, intihosi ham, baxt-u fojiasi ham faqatgina o‘zi ekanligini ta’kidlaydi. Shohista Niyozmetova ingliz tilidan tarjima qilgan “Qochayotganlar va quvayotganlar” dramasida bu fikr avj nuqtasiga chiqadi. Asarda  inson nafaqat o‘zining yaratuvchisi, balki qotili hamdir, degan fikrni o‘rtaga tashlanadi.

 

“Yushka” – Andrey Platonovning shu nomdagi hikoyasi qahramoni. U hamisha aftoda, bechorahol, xokisor yashaydi. Qishloqdagi katta-yu kichikning ermagi, ovunchog‘i, kezi kelganda hammaning erkaligini ko‘taradigan og‘ir tabiatli odam ham shu. Bor-yo‘g‘i qirq yoshida qarimsiq chol qiyofasini eslatuvchi bu darbadar inson ko‘p yashamadi. Vafotidan keyin esa uning aslida kim bo‘lgani, qanday yashagani, umrini ne zahmatlarga tikkani ayon bo‘ldi. “Yosh tarjimonlar minbari” ruknida e’lon qilingan mazkur asarni rus tilidan Munisa Sattorova tarjimasida o‘qiysiz.

 

Qozoq yozuvchisi Mag‘jon Jumaboyning “Sholpanning gunohi” hikoyasi olamning eng buyuk jumbog‘i – ayol haqida. Asar qahramoni zulmatga botgan hayotini nurga to‘ldirish uchun, ko‘nglining eng tubidagi muqaddas orzusi tomon tinimsiz talpinadi. Ammo taqdir u istagan baxtni bermaydi. Ayol chidolmaydi: oxir-oqibat  isyon qildi. Tiyiqsiz va asov isyon esa  Sholpanni o‘zi bilan olib ketadi. Hikoyani qozoq tilidan Ra’no va Roza Qurbonovalar tarjima qilgan.

 

Shuningdek, keyingi sahifalarda “Falsafiy rivoyatlar” (Jubron Xalil Jubron), “Sirli bog‘” (Frensis Eliza Byornett), “Al-a’sho ko‘chasidagi muhabbat” (Badriya al-Bishr) romanlari, “Turk hikoyalari” (Endar Xoliq Derinja), “Hayotning totli bir lahzasi” (Elis Monro) hikoyasi, jahon she’riyati namunalari hamda “Matn va talqin” (Abdurasul Eshonboboyev) maqolasi o‘rin olgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//