“Bosh bo‘ri avlodlari”, “Kibr-havosi toshayotgan dunyo tasviri”, “O‘zga olam odami” – “Ma’naviy hayot” jurnalining yangi sonida nimalarni o‘qiymiz?

Saqlash
14:47 / 11.07.2025 110 0

“Binobarin, arab va fors tillariga e’tibor berilib, turk tili kamsitilgan. Ana shunday sharoitda Husayn Boyqaro yozuvda turk tilini iste’molga kiritish borasida maxsus farmon bergan. Bu dadil qadam mamlakatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayotida katta voqea bo‘lgani shubhasiz.” Mazkur parcha filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sayfiddin Rafiddinovning turkiy tilni jahon miqyosiga olib chiqishdagi Alisher Navoiyning bemisl xizmatlari haqida so‘z borgan “Til va el” maqolasidan. Maqolaning to‘liq matni bilan “Ma’naviy hayot” jurnalining 2025-yil 2-sonida tanishing.

 

“Xudoni tanigan ajdodlarning bu gaplari Tolstoyning bir qahramonini eslatadi. Ortidan arslon quvgan yo‘lovchi suvsiz quduqqa tushib ketadi va yarim yo‘lda bir yantoqning ildiziga osilib qoladi. U sho‘rlik amallab pastga boqsa, vishillagan bir ajdarho yotibdi. Yuqorida esa ko‘zi qonga to‘lgan sher. Shu dam haligi banda o‘zi osilib turgan yantoq ildizida yaltirab turgan ikki tomchi asalni ko‘radi. Amallab asalni yalaydi. Va unga asal juda shirin tuyuladi. Tolstoy deydi: “Tepadagi arslon va pastdagi ajdarhoni ko‘rib turib men asaldan maza qilolmayman, uni yalab huzurlanishga ko‘nglim chopmaydi sira!”. Biz bugun faqat o‘sha asalni ko‘rayapmiz, uni yalab maza qilishdan to‘xtamayapmiz. Ajdarhoni ham, sherni ham ko‘rib ko‘rmaslikka olayapmiz.” Shoir Shodmonqul Salomning bir asr orasida odamlarning ma’naviy va moddiy olamidagi o‘zgarishlar haqidagi fikr-mulohazalari “Kibr-havosi toshayotgan dunyo tasviri” sarlavhasi ostida e’lon qilingan.

 

“Troll – shu nomli afsonaviy maxluq bor, ammo zamonaviy talqini inglizcha trolling – baliq ovlamoq so‘zi bilan bog‘lanadi. Baliqchi xo‘rak tashlab o‘ljasini chalg‘itgani kabi ijtimoiy tarmoqda odamlarni chalg‘itib, fikrini boshqa tomonga yo‘naltiradigan yollanma odamlar tushuniladi.” “Eshiklar ochiq, lekin...” maqolasida ona tilimizga kirib kelayotgan hamda o‘zlashayotgan yangi (chet) so‘zlar va ularning bisotimizdagi muqobili haqida mutaxassislarning tavsiyalari bilan tanishasiz.

 

Jurnalning keyingi sahifalarida “Ranglarni eshitish kerak” (Akmal Nur), “Odam demak – kurashchi demak” (Abduxalil Mavrupov), “Egalikmi yo qullik” (Barno Sultonova) maqolalari, “Sehrli dunyoning samoviy tulporlari” (filologiya fanlari doktori Erkin Musurmonov bilan) suhbati, “Bir kishilik aviahalokat” (Xayriddin Sulton) hikoyasini o‘qishingiz mumkin. Shuningdek, “O‘zga olam odami” (shoir Abduvali Qutbiddin haqida xotiralar), “Tomchi effekti” (Aziz Norqulov), “G‘amli un chiqmas, “galdir” yig‘lamasa” (Mamlakat Ulasheva), “Durbin va qalam” (Musulmon Namoz) mavzularida so‘z boradi.

 

“O‘zimizni yenga olmasligimiz, o‘zimiz bilan kurashda yengilishimiz, tafakkurdagi hafsalasizligimiz, ma’naviy hayotdagi mudroqligimiz, shaxsiy hayotni jamiyat ijtimoiy mo‘ljali bilan uyg‘unlashtirishdagi no‘noqligimiz eng katta kamchiliklarimizdan biri. Arastuning quyidagi gaplari juda o‘rinli: “Istaklarini yenga olganlar bukilmas insonlardir. O‘zini mag‘lub eta olganlar jasur va mardonadirlar” “Odam demak – kurashchi demak” maqolasidan olingan ushbu parchani jurnalning mazkur soniga xulosa o‘rnida keltirdik. “Ma’naviy hayot”ni mutolaa qiling, shaxsiy hayotingizni jamiyat ijtimoiy mo‘ljali bilan uyg‘unlashtirishda mohir bo‘ling.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//