“O‘tkan kunlar” romani koreys tilida chop etildi

Saqlash
17:51 / 08.07.2025 91 0

O‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriyning mashhur “O‘tkan kunlar” romani koreys tiliga tarjima qilindi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.

 

Asarni Janubiy Koreyaning Kemyong universiteti professori Kim Chung Sun tarjima qilgan. Tarjima va nashrga tayyorlash jarayoni qariyb 2,5 yil davom etgan.

 

 

Tarjimani yanada mukammallashtirish maqsadida professor Kim Chung Sun 2024-yil 21-31-mart kunlari O‘zbekistonda bo‘lib, Toshkent, Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida roman voqealari kechgan joylarni ko‘zdan kechirgan. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan uchrashib, asarni tarjima qilish bo‘yicha fikr almashgan.

 

 

Asar koreys tiliga ‘‘아팠던 시간들’’ deb tarjima qilgan.

 

Janubiy koreyalik tarjimon, shuningdek, Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy bilan suhbatlashib, yozuvchi hayoti va ijodiy jarayoni haqida maʼlumotlarga ega bo‘lgan. Yaqinda o‘tkazilgan Seul shahrida ushbu kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Janubiy Koreya parlamenti va hukumat vakillari, vazirliklar, ommaviy axborot vositalari, diplomatik korpus aʼzolari ishtirok etgan.

 

Professor Kim Chung Sun Seul shahrida ushbu kitobning taqdimotidagi nutqida “O‘tkan kunlar” romanini nafaqat til jihatidan, balki qalban va ruhan his qilib tarjima qilganini bildirgan. U asar o‘zbek xalqining boy adabiy merosi va madaniy qadriyatlarini dunyoga tanitishda muhim o‘rin tutishini qayd etgan.

 

Asar tarjimasi Janubiy Koreyaning onlayn do‘konlarida 27 000 von (o‘zbek so‘mida 247 800 so‘m)ga sotuvga qo‘yilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//