
Madaniyat
Misr davlat kutubxonasida “Sulton Sayfiddin Qutuz tarixidagi yangi sahifalar” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman boʻlib oʻtdi.
Anjumanni ochib bergan Oʻzbekiston elchisi Mansur Qilichev, Misr davlat kutubxonasi fondi direktori, elchi Rizo al-Toifiy hamda oʻzbek va ingliz tillarida yozilgan “Sayfiddin Qutuz – soʻnggi zarba” nomli kitob muallifi Bekzod Abdirimov bu kabi tadbirlarning ikki birodar davlat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi muhim ahamiyatini taʻkidladi.
Marosimda oʻzbekistonlik va misrlik tarixchilar, yozuvchilar hamda sanʻat sohasi vakillari qatnashdi.
Islom dunyosi tarixidagi qahramon siymolardan biri – Qutuz Xorazmshohlar davlati hududida, koʻhna Xorazmda tugʻilgan. Yoshligida ona vatanini tark etgan Sulton Sayfiddin Misr sultoni darajasiga yetib, 1260-yilda Ayn Jolut jangida moʻgʻullarga qarshi hal qiluvchi gʻalabaga erishadi hamda Misr va islom olamining katta qismini muqarrar qirgʻindan saqlab qoladi.
Taʻkidlanganidek, Amudaryo boʻylaridan Nil vodiysi yuragigacha boʻlgan bu gʻayrioddiy hayot yoʻli Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq oʻrtasidagi chuqur tarixiy bogʻliqlikni yaqqol namoyon etadi.
Anjumanda Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi munosabatlar birgina tarixiy shaxs bilan cheklanib qolmasligi, asrlar davomida olimlar, savdogarlar, talabalar va davlat arboblari ikki mintaqa oʻrtasida qatnab, bilim va qadriyatlar almashinuvi orqali har ikki sivilizatsiyani boyitgani qayd etildi. Ahmad Al-Fargʻoniy, Misrda hukm surgan Tuluniylar, Ixshidiylar, Xorazmshohlar va Mamluklar davridan tortib, Al-Azhar va Naqshbandiya anʻanalarigacha — ikki xalqni oʻzaro hurmat va umumiy taqdir uygʻunligi bogʻlab turgan.
Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston va Misr kinoijodkorlari tomonidan Sulton Sayfiddin Qutuz haqida badiiy va hujjatli filmlar yaratish boʻyicha tashabbusni ilgari surdi. Bunday loyihalar ikki xalq oʻrtasidagi ming yillik doʻstlikni bugungi va kelajak avlodlarga yetkazishda muhim vosita boʻladi.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Madaniyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q