Amerikadagi beshik va oʻzbek farzandini “yoʻqotib qoʻyish” xavotiri – Vatan haqida ikki taʼsirli hikoya

Saqlash
19:08 / 05.10.2022 2340 0

Vatan! Unga taʼrif, mehr har bir yurakda boʻlakcha. Kimdir uni oshkor, kimdir pinhon sevadi. Vatan qadrini musofir insonchalik hech kim anglamasa kerak. Ne-ne buyuk zotlar, Boburu, Furqatlar taqdiri tarixning bunga yorqin misollari. Siz-u biz yashayotgan zamonda ham musofirlikni oʻzi yoki yaqinining qismatida his etgan yurtdoshlarimizning Vatan haqidagi yurak tubidan chiqqan eng samimiy fikrlariga quloq tutdik. Ularning moʻjaz hikoyalarida oramizdagi kichik, oddiy insonlarning Vatanga boʻlgan KATTA va SAMIMIY muhabbatlari aks etgan. “Oyina.uz” Vatan haqida ikki yurtdoshimizning taʼsirli va samimiy hikoyalarini taqdim etadi.

 

“Oyi, telefonga yaqinroq oʻtiring, koʻzlaringizni yaqindan koʻrgim kelyapti”

 

Gulnora Nishonova – dotsent, korporativ va mediakommunikatsiyalar sohasi boʻyicha mutaxassis:

 

“Vatanimni sevaman” deb ochiqcha, hissiz aytilgan gaplarga unchalik ishonmayman. Negadir toʻgʻridan toʻgʻri, dangal aytilgan bu iborada soxtalik bordek...

 

Tom maʼnoda sevishini his qilgan odam bu tuygʻuni boshqacha ifodalaydi, yoki koʻrsatadi. Esimda, toʻngʻich oʻgʻlim Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida oʻqib yurgan kezlari biroz «gʻarbparast» boʻlib qolgandi, kiyinish uslubi, pop, rok musiqalariga qiziqishi ortib, hatto “Work and travel” dasturi bilan AQSHga ketayotganida men sumkasiga solmoqchi boʻlgan ozroq mayiz, yongʻoq, turshak va nonni olib ketishdan bosh tortib safarga oshiqqanini eslayman. Toʻrt oy musofirchilik uni butkul oʻzgartirdi. Safarini yakunlash arafasidagi onlayn suhbatimizda uni tanimay qoldim. “Oyi, telefonga yaqinroq oʻtiring, koʻzlaringizni yaqindan koʻrgim kelyapti, sizlarni juda sogʻindim, non va yongʻoqlaringizni olib ketmaganimga ming pushaymonman” dedi. Xonasining burchagida kichkina bayroq – Oʻzbekiston bayrogʻi ilingan edi. Men tarbiyalab singdira olmagan Vatan tuygʻusini, musofirchilik, sogʻinch tarbiyalaganiga hayron qoldim. Bu tuygʻu mana shunday ifodalansa kerak.

 

Bolam bir necha yildan soʻng magistraturada oʻqishga yana Amerikaga yoʻl oldi. Taqdir taqozosi bilan oʻsha yerda oʻzbek qiziga uylandi. Bir yil oʻtib oʻgʻil nabirali boʻldik. Xalqimizning chiroyli udumlari bor: azon aytish, chiroyli ism qoʻyish, sunnat qilish, beshikka yotqizish... Hamma udumlar risoladek boʻldi, navbat beshikka keldi. Amerikada beshik qayoqda deysiz? Topilsa ham juda qimmat. Bu borada “Oʻzbekistonda bolalar beshikda yotishmayaptiyu, nima keragi bor ortiqcha narsani?” deydiganlar ham topildi. Yoʻq, mening nevaramning ham oʻz beshigi boʻlishi kerak, hamma oʻzbek bolalari kabi beshikda yotib katta boʻlishi kerak. Shunday oʻylar bilan Chorsu bozoriga tushib nabiramga doʻppicha, yaxtakcha va beshik oldim. Beshikni qismlariga ajratib ixcham tarzda qadoqlatdim. Olloh niyatga qarab berarkan, uni Amerikaga olib ketadigan saxovatli odam ham chiqdi. Uch kun ichida nabiramga beshik yetib bordi. Bolajonim beshik torlik qilguncha unda yotdi, vatanda boʻlmasa ham, vatandan esdalik beshik uni bagʻrida katta qildi. Shuni niyat qilamanki, u vatanini sevadigan yigit boʻlib voyaga yetadi. Chunki u beshikda yotgan...

 

 

«Alloh, Danke!»

 

Maʼrifat Nur – jurnalist:

 

Vatan men uchun bugunga kelib juda muhim izohlar bilan tasvirlanadi... Germaniyada yashayotganimning birinchi yilida u bor yoʻgʻi sogʻinch edi. Ha, oʻsha murut daraxti tagidagi supada oʻtirib, menga haftada 1-2-marta qoʻngʻiroq qiluvchi, antenna izlab, hovlining u boshidan bu boshiga yuguruvchi keksagina ota-onamning, yurtimning sogʻinchi...

 

Keyin esa, xorijda farzandlarim dunyoga keldi. Ilk qadamchalar, ilk soʻz... Biz uyda oʻzbek tilida gaplashsakda, farzandlarim bogʻchadan nemis tilini oʻrganib keladi. Ikki yoshli Bilolga taom yeb boʻlgach omin qilish uchun, tili kelishsin deb eng qisqa duoni oʻrgatdim. Qoʻlchalarini ochib “Allohga rahmat” deya boshladi. Ammo bir-necha kundan soʻng u «Alloh, danke! (rahmat)” dedi. Ikki tilni aralashtirmay gapirishini qancha tayinlamay, u “yoʻq” deya xarxasha qilardi. Mana shundan soʻng men uchun “Vatan” soʻzi “xavotir” degan soʻz bilan yondosh boʻlib qoldi. Oʻzbek farzandini “yoʻqotib qoʻyish” xavotiri...Bir kun kelib, na oʻzbek, na nemisga oʻxshatib boʻlmaydigan, millati yoʻq insonlarni oʻstirib qoʻymasmikanman degan fojiaviy xavotir meni ogohlikka chorlab yashamoqda.

 

 

Ijtimoiy tarmoqlar, internet sahifalar orqali Vatanimizdagi islohotlar, keskin rivojlanish jarayonlarini kuzatib boraman. Oxirgi yillarda xalqimizda soʻz erkinligi, din, eʼtiqod erkinligi, haq-huquqlar kafolati ancha yuqori darajada ijobiy tomonga oʻzgargan. Oʻzbekistonga borib, xalqimizga dasturxon yozib, farzandlarimizning sunnat toʻylarini oʻtkazib keldik. Qarindosh, tanishlarimizning koʻpchiligi hayot-tarzi yaxshi tomonga oʻzgarganiga guvoh boʻldim. Oddiy ishchi ham siyosiy voqealar borasida fikrlay oladigan, ijtimoiy jarayonlarga munosabat bildira oladigan boʻlib qolibdi. Bu holat bizni quvontirdi albatta. Ammo har ikki xonadondan birida ota yoki onaning chet davlatlarga yollanma ishchi boʻlib ketayotgani, evaziga kelajak egalari boʻlgan farzandlar tarbiyachisiz qolayotgani, oilalar totuvligiga putur yetayotgani, ishsizlik muammolari, kadrlar masalasi hali-hanuz yechimsiz qolayotgani bir vatandosh sifatida mening ham dilimni xira qilib turadi.

 

Ilm istab xorij mamlakatlariga chamadonini yigʻib ketayotgan minglab oʻzbek yoshlari haqida gap ketsa, quvonishni ham, ranjishni ham bilmay qolaman. Goʻyo biz chet ellarga “aql eksport” qilayotganga oʻxshaymiz nazarimda. Grantlar, imtihonlar asosida eng sara yoshlarning “positive” sabab bilan vatanni tark etayotgani va ularning qancha foizi qaytib kelish ehtimoli haqidagi hayollar meni tashvishlantiradi.

 

Yaxshi niyatlarni umid qilgan holda, asta-sekin ravnaq pillapoyalarini zabt etayotgan Vatanimda yangi-yangi Beruniylar, Ibn Sinolar yetishib chiqib, “Maʼmun akademiya”larini qayta tiklab, shonli tariximizni kelajakda ham yangidan yaratishlariga umid qilaman.

 

Inobat AHATOVA tayyorladi

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//