Oʻzbekistonda qator aviareyslar kechiktirildi

Saqlash
22:35 / 07.01.2022 835 0

Oʻzbekistonda quyuq tuman tufayli bir qator aeroportlar faoliyati cheklandi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar berdi.

 

Maʼlum qilinishicha, samolyotlar tongda Namangan aeroportida koʻrish imkoniyati yomon boʻlgani tufayli parvozni amalga oshirmagan. Shuningdek, Andijon va Navoiy aeroportlarini ham tuman qoplagan.

 

Namangan aeroportida quyuq tuman oqibatida (koʻrish masofasi 150 metrga yaqin) “Aeroflot” aviakompaniyasining Sankt-Peterburgdan uchayotgan “AFL602” reysi soat 07:05 da belgilangan aeroportga qoʻna olmay, Toshkentdagi muqobil aerodromga uchgan. Ayni damda aviakompaniya yoʻlovchilarni oziq-ovqat va mehmonxona bilan taʼminlagan. Toshkentdan Namanganga parvoz mahalliy vaqt bilan 18:40 ga belgilangan.

 

Shuningdek, ob-havo sharoiti tufayli “Oʻzbekiston havo yoʻllari” Milliy aviakompaniyasining Toshkent–Namangan–Novosibirsk yoʻnalishidagi navbatdagi “HY3669/69” reysining mahalliy vaqt bilan soat 10:35 da Namanganga yetib kelishi kerak boʻlgan parvozi kechiktirilgan. Hozirda samolyot Toshkentda boʻlib, uning parvozi soat 13:35 ga belgilangan.

 

Qayd etilishicha, quyuq tuman yana ikkita – Andijon (koʻrish masofasi 400 metrga yaqin) va Navoiy (koʻrish masofasi 50 metrga yaqin) aeroportlarida kuzatilgan. Jadvalda belgilangan vaqt boʻyicha aeroportlarda parvoz amalga oshirilmagan. Hozirda aeroportlar parvozlarni qabul qilishga tayyor.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//